O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil 10 sentyabrda “Ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonunni imzoladi.
Yangi Qonunning 6-moddasiga muvofiq, 1999 yil 14 aprelda qabul qilingan «Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida»gi qonunning «Nodavlat notijorat tashkilotining majburiyatlari» nomli 8-moddasi uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:
«Nodavlat notijorat tashkilotlarining o'tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida xabardor qilish tartibi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan, chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig'iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag'lari va mol-mulk olishni ro'yxatdan o'tkazuvchi organ bilan kelishib olish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi».
Mazkur qismning avvalgi matni quyidagicha edi: «Nodavlat notijorat tashkilotlarining tadbirlar o'tkazishni, shuningdek chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig'iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag'lari va mol-mulk olishni ro'yxatdan o'tkazuvchi organ bilan kelishib olishi tartibi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi».
Qonunni qabul qilishdan maqsad idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar normalarini yuqori yuridik kuchga ega bo'lgan qonun hujjatlariga o'tkazish hamda qonunchilikni tizimlashtirish doirasida har bir idoraning vakolatini bosqichma-bosqich kamaytirish va bekor qilish bo'yicha tegishli vazifalarni amalga oshirishdir.
Shunga ko'ra, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida”gi qonunning 8-moddasiga kiritilgan o'zgartirishga asosan nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig'iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag'lari va mol-mulk olishni ro'yxatdan o'tkazuvchi organ bilan kelishish tartibini tasdiqlash O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vakolatidan chiqarildi.
Bu vakolat O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga berildi. Bundan buyon nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig'iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag'lari va mol-mulk olishni ro'yxatdan o'tkazuvchi organ bilan kelishish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Shu munosabat bilan O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2016 yil 15 iyundagi 157-mh-son buyrug'i bilan tasdiqlangan “Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig'iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag'lari va mol-mulk olishni ro'yxatdan o'tkazuvchi organ bilan kelishish tartibi to'g'risidagi nizom” (ro'yxat raqami 2802, 2016 yil 15 iyun) bekor qilinadi.
Ushbu munosabatlar endilikda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi.
Qonunning qabul qilinishi tegishli ijtimoiy munosabatlar yuqoriroq yuridik kuchga ega bo'lgan qonun hujjatlari bilan tartibga solinishini ta'minladi.
Ma'lumot uchun: Qonun O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 fevraldagi PQ–4193-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat xizmatlari ko'rsatish tartibini belgilovchi normalari mavjud idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni yuqoriroq yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlagan holda qayta ko'rib chiqish jadvalining 55-bandiga asosan ishlab chiqilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi PF–5505-son Farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish kontseptsiyasining 3-bandida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish belgilangan.
Xorijiy davlatlar amaliyoti shuni ko'rsatmoqdaki, Rossiyada nodavlat notijorat tashkilotlarining xorijiy manbalardan moliyalashtirilishi bilan bog'liq normalar Rossiya Federatsiyasining “Notijorat tashkilotlar to'g'risida”gi qonuni va boshqa qonunlarida ko'zda tutilgan. Amerika Qo'shma Shtatlarida esa xuddi shunday munosabatlar “Xorijiy agentni ro'yxatdan o'tkazish to'g'risida”gi qonun bilan
tartibga solinadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.09.2019
- Ko'rishlar: 6693
- Chop etish