23 dekabr kuni “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyatida Frantsiyada nashr etiladigan «L'Opinion» gazetasi tahririyatining “Osiyo” bo'limi mudiri va muharriri Klod Leblans bilan uchrashuv bo'ldi.
Tashkilotning yangi tuzilmasi – Logistika va raqamlashtirishni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig'i Umidulla Ibragimov muloqot chog'ida, avvalambor, mamlakatimizga saylov jarayonlarini yoritish uchun tashrif buyurgan frantsuz jurnalistining ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy voqeaga doir taassurotlari bilan qiziqdi.
K.Leblans Toshkent va Samarqand shaharlarida o'zi bevosita kuzatish imkoniga ega bo'lgan saylovga tayyorgarlik va ovoz berish jarayonlari yangi O'zbekistonga xos ijobiy o'zgarishlarning yaqqol timsoli ekanini ta'kidladi. Keyingi uch yilda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar O'zbekistonning dunyoga ochiqligini namoyon etdi. Bu, shubhasiz, mamlakat taraqqiyotning yangi, yuksak bosqichiga ko'tarilganini tasdiqlaydi.
Muloqot chog'ida O'zbekistonda nafaqat milliy temir yo'l tizimini rivojlantirish, balki bu borada mintaqaviy va qi'alararo integratsiya masalalariga katta e'tibor qaratilayotgani qayd etildi. Qadim davrlardayoq Buyuk ipak yo'li chorrahasida joylashgan O'zbekiston hududi bugungi kunda ham Yevroosiyo makonida tinchlik va taraqqiyotning muhim omili bo'lmish temir yo'l tizimlari izchil ravnaq topishida alohida ahamiyat kasb etishiga e'tibor qaratildi.
O'z navbatida, mehmon poezdlarni rasadxonaga qiyoslashini aytdi. Chunki rasadxonlardan turib yulduzlarni kuzatish orqali koinotni o'rganish mumkin. Mamlakatning qon tomirlari bo'lmish temir yo'llar orqali o'tadigan poezdlar ham o'sha yurtni yaqindan kashf etish imkonini beradi.
K.Leblansga O'zbekistonda temir yo'llar tizimini rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollari bilan bog'liq atroflicha ma'lumotlar berildi. Jurnalist ushbu axborotlardan o'zi ishlaydigan gazeta uchun maqola va sharhlar tayyorlash, shuningdek, temir yo'l tizimi va geosiyosat mavzuida yozayotgan kitobiga O'zbekiston haqida alohida bob bag'ishlash niyatida ekanini bildirdi.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 24.12.2019
- Ko'rishlar: 5182
- Chop etish