2020 yil 15 aprel kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy bo'limi rahbari Rishard Komenda va BMTning O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer o'rtasida videokonferentsaloqa tashkil etildi.
Videokonferentsaloqa chog'ida COVID-19 pandemiyasi sharoitlarida inson huquqlarini himoya qilish sohasiga doir keng qamrovli masalalar ko'rib chiqildi. Xususan, O'zbekiston Hukumati koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda qo'llayotgan qat'iy zarur, shu bilan birga samarali, tahdidlarga mutanosib chora-tadbirlar va COVID-19 pandemiyasining inson huquqlariga, ayniqsa, jamiyatning zaif qatlamiga mansub shaxslar - bolalar, ayollar, migrantlar va mahbuslar huquqlariga muqarrar ravishda ko'rsatadigan salbiy ta'siri oqibatlarini kamaytirish borasida amalga oshirayotgan ishlar haqida so'z yuritildi.
Davlat tomonidan ko'rilayotgan inqirozga qarshi choralarning samaradorligi ko'p jihatdan muntazam asosda o'zaro ishonchli axborot almashinuvi yo'lga qo'yilganligiga, shuningdek inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarning COVID-19 virusiga qarshi kurashda ishtirok etish borasidagi tajribasiga bog'liq ekani ta'kidlandi.
Bundan tashqari, tomonlar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tayyorlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi loyihasini atroflicha muhokama qildilar. Ushbu hujjat O'zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini samarali bajarishiga qaratilgan bo'lib, inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash yo'lida muhim qadam hisoblanadi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Milliy strategiya loyihasi milliy maslahatlashuvlar doirasida muhokama qilingan. Bu jarayonda, jumladan, BMTning O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi va BMTning mamlakatimizdagi Agentliklari, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy bo'limi, shuningdek YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosidan sharh hamda takliflar kelib tushgan.
Loyiha yuzasidan o'tkazilgan milliy maslahatlashuvlar asnosida fuqarolik jamiyati institutlari, davlat organlari va diplomatik korpus vakillari ham o'z takliflarini taqdim etgan. Ana shu taklif va tavsiyalarni hisobga olgan holda, loyiha matni maromiga yetkazildi va jamoatchilik muhokamasi uchun Markaz saytiga qayta joylashtirildi.
Videokonferentsaloqa davomida tomonlar Milliy strategiya loyihasini yanada takomillashtirishning istiqbollari haqida fikr almashdilar.
Muloqot yakunida BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo'yicha O'zbekistonning Ixtiyoriy milliy ma'ruzasi loyihasiga tavsiyalar ishlab chiqish masalasiga e'tibor qaratildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.04.2020
- Ko'rishlar: 4459
- Chop etish