2021 yil 7 may kuni Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi tomonidan “COVID-19 pandemiyasi paytida migrantlarga va ularning oilalariga yordam berish” mavzusida davra suhbati o'tkazildi. Tadbir gibrid formatda – onlayn va oflayn tarzda bo'lib o'tdi.
Unda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi a'zolari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT), Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo va Farg'ona viloyatlari hokimliklari, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro migratsiya tashkiloti homiyligida amalga oshirilayotgan “COVID-19 pandemiyasi davrida migrantlar va ularning oilalariga yordam” loyihasi haqida, shuningdek, pandemiya paytida qaytib kelgan ehtiyojmand va zarar ko'rgan migrantlarni va ularning oilalarini qayta integratsiya qilishda ko'rsatilgan yordam to'g'risida axborot berildi.
Loyihani amalga oshirish uchun 5 ta viloyat – Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Farg'ona va Surxondaryo viloyatlari tanlab olindi. Ushbu hududlarda faoliyat yuritayotgan “Barqaror hayot”, “Mehrimiz sizga”, “Mehrjon”, “Yuksalish” va “Oydin Nur” nodavlat tashkilotlariga 7000 AQSH dollari miqdorida subgrantlar ajratildi. Ular o'z oilasiga qaytib kelgan 580 nafar muhtoj migrantlarga ruhiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko'rsatdilar. Ulardan 60 nafari XMTning 2500 dollarlik grantlarini oldi va o'z biznesini ochish uchun uskunalar sotib oldi, 25 ta sohada o'zlarining tadbirkorlik faoliyatini boshlab yangi ish o'rinlari yaratdilar.
Tadbir doirasida mehnat migrantlari haqida videoroliklar taqdim etildi va qayta integratsiya bo'yicha ko'mak olgan migrantlar haqida hikoyalar tinglandi hamda qaytib kelgan migrantlarning salohiyati va qayta integratsiyasini yanada rivojlantirish uchun ijtimoiy so'rov o'tkazildi.
Manba: senat.uz
- Qo'shildi: 10.05.2021
- Ko'rishlar: 3277
- Chop etish