Inson huquqlari O'zbekiston Respublikasi bo'yicha Milliy markazining Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot hamda O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “18 dekabr - Xalqaro migrantlar kuni”ga bag'ishlangan “Migratsiyaning xavfsiz va tartibli bo'lishini ta'minlash” mavzusidagi davra suhbatida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan migratsiya jarayonini yanada xavfsiz va tartibli qilish bo'yicha milliy qonunchilikni takomillashtirishni muhokama qilish, aholining, shuningdek, mazkur jarayonda ishtirok etayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklarini har tomonlama ta'minlash, xorijda mehnat faoliyatini yanada xavfsiz qilishga xalqaro va milliy qonunchilik normalari, ularni amalga oshirish mexanizmlari bo'yicha habardorlikni yanada oshirish masalalari xususida fikrlar va mulohazalar almashinuvi bo'lib o'tdi.
2000 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 55/93 Rezolyutsiyasi bilan 18 dekabr – “Xalqaro migrant kuni” deb e'lon qilindi.
Migratsiya muammolariga bag'ishlangan mazkur davra suhbatida kirish so'zlari bilan ishtirok etgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori o'rinbosari Dilnoza Muratova, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O'zbekistondagi Doimiy koordinatori Xelena Freyzer, O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi, Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo'llab-quvvatlash masalalari departamenti mudiri Komiljon Rashidov, migratsiya sohasida bugungi kundagi xalqaro va milliy miqyosdagi dolzarb muammolar, ularni hal qilishga qaratilgan vazifalar to'g'risida fikr yuritishdi.
Shuningdek, davra suhbati davomida Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot (MXT)ning O'zbekiston bo'yicha menejeri S. Toshboev, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy markazi bo'lim boshlig'i A. Mo'minov, «Nihol» nodavlat notijorat tashkilotining raisi, SH. Rashidova, Xususiy bandlik agentligi vakili O'. Nosirov, O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bo'lim boshlig'i, S. Ishanxodjaev ma'ruzalarga chiqishdi.
Davra suhati davomida:
mehnat migratsiyasini boshqarishning huquqiy va institutsional tizimini yanada takomillashtirish;
aholining tashqi mehnat migratsiyasi, u bilan bog'liq huquq va erkinliklari to'g'risidagi huquqiy madaniyatini yanada oshirish;
mehnat migratsiyasi sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga implementatsiya qilish;
ta'lim sohasini, ayniqsa, migratsiya, tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog'liq sohalarda ta'lim tizimini takomillashtirish, yuqori malakali va malakali kadrlarning yetishmasligi masalasini tizimli hal etish;
horijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan o'zbekistonlik mehnat migrantlarni huquq va erkinliklarini ta'minlash va himoya qilishning samarali mexanizmlarini yaratish;
mamlakatda malakali va iste'dodli kadrlarni mamlakatdan chiqib ketishini, ularga bilim va qobiliyatiga yarasha mehnat sharoitlari va adolatli ish haqlarini yaratish orqali oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
tashqi mehnat migratsiyasi sohasida xususiy bandlik agentliklari faoliyatini yanada takomillashtirish bilan bog'liq tashkiliy-huquqiy masalalar muhokama qilindi.
Davra suhbati nihoyasida Davra suhbatida ishtirok etgan soha ekspertlari, davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, mutaxassislar va olimlar ishtirok etishdi.
Shu kuni, tadbirning ikkinchi qismi sifatida “Davra suhbati” ishtirokchilari Toshkent viloyatining Nurafshon shahriga tashrif buyurishdi va viloyat Adliya boshqarmasi binosida, vaqtincha ishlamaydigan yoshlar, shuningdek, kasb-xunar kolleji bitiruvchilari bilan mehnat migratsiyasi masalalari bo'yicha uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuvda ishtirok etgan Toshkent viloyati Xotin-qizlar qo'mitasi raisi O.Parpiboeva, viloyatda bandlik masalalari, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirish, viloyatdagi tashqi mehnat migratsiyasi bo'yicha holat, ya'ni xorijga mehnat qilish uchun ketgan fuqarolar, ularning oila a'zolari ahvolidan habar olish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolarni ishga joylashtirish borasida qilingan ishlar, shuningdek, viloyatda noqonuniy migratsiyani oldini olish bo'yicha olib borilayotgan ishlar xususida gapirib o'tdi. Shuningdek, uchrashuvda so'zga chiqqan Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkiloting O'zbekiston bo'yicha menejeri S.Toshboev, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy markazi bo'lim boshlig'i A.Mo'minov, «Nihol» nodavlat notijorat tashkilotining raisi, SH. Rashidova, O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bo'lim boshlig'i,
A.Axmatovlar so'zga chiqib, “Xalqaro migrant kuni”ning ahamiyati, mehnat migratsiyasi, uning xavfsiz va tartibli qilish, noqonuniy migratsiyani oldini olish, mehnat migratsiyasini tartibga solishga qaratilgan xalqaro va milliy huquqiy normalarning mazmun-mohiiyati, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilishning institutsional asoslari, bu borada davlat, nodavlat tashkilotlari, xususiy bandlik agentliklarining faoliyati, yoshlarda mehnat migratsiyasi sohasidagi huquqiy bilimlarini oshirish borasidagi o'z fikr va mulohazalarini bildirishdi. Uchrashuvda ishtirok etgan yoshlar, ya'ni kollejlar bitiruvchilari, mehnat migratsiyasi, yangi ish o'rinlari, kabi masalalar bo'yicha o'zlarini qiziqtirgan savollarini berishdi va ularga javoblar olishdi.
Uchrashuv natijasida bunday uchrashuvlarni tez-tez o'tkazib turilishi va bu sohadagi dolzarb masalalar bo'yicha o'zaro muloqotlar olib borish bo'yicha kelishib olindi.
- Qo'shildi: 19.12.2019
- Ko'rishlar: 5696
- Chop etish