Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 7 noyabr kuni YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann bilan uchrashdi.
A.Saidov dastlab shu yil 21-26 oktyabr kunlari AQShga tashrifi doirasida BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo'ravonlik masalalari bo'yicha maxsus vakili Najat Maalla MJid, shuningdek, YUNISEF Dasturlashtirish boshqarmasi ijrochi direktori Henrietta Axrens va ushbu Boshqarmaning Inson huquqlari bo'limi dasturlashtirish bo'yicha menejeri Ratxa Jhaveri xonimlar bilan o'tkazgan uchrashuvlari haqida to'xtaldi.
Ushbu muloqotlarda 2019 yil 10 oktyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev topshirig'iga binoan o'zbekistonlik 64 nafar begunoh bola maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelingani yukori baholanganiga e'tibor qaratildi. Iroq davlati hukumati va YUNISEF bilan hamkorlikda vataniga qaytarilgan bu bolalar Iroq davlati hududida og'ir sharoitda yashayotgan edi.
S.Graumann bundan avval Suriyadagi qonli janggohlardan 157 nafar o'zbekistonliklar vatanga qaytarib olib kelingani va ularning orasida ham norasidalar ko'pchilikni tashkil etishi haqida so'zladi. YUNISEF vakili O'zbekiston hukumatining bolalar hayotini saqlab qolish borasida olib borayotgan bu kabi xatti-harakatlarini e'tirof etar ekan, bundan keyin ham ushbu yo'nalishda o'zaro hamkorlikda ishlashga tayyor ekanini bildirdi.
Tomonlar O'zbekiston hukumati BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlashga katta mas'uliyat bilan yondashayotganini ta'kidladilar. Bu borada qo'shma tadbirlar o'tkazish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya qabul qilinganligining 30 yilligiga bag'ishlab poytaxtimizdagi “Sevimli” telekanalida maxsus “tok-shou” tashkil etish, Konventsiya va unga 3 ta Protokol matnini o'zbek, rus va qoraqalpoq tillarida yaxlit to'plam shaklida nashrdan chiqarish, maktab o'quvchilari uchun “Bola huquqlari” fani bo'yicha dastur va qo'llanmalar tayyorlash haqida kelishib olindi.
Ma'lumot uchun: Xalqaro hamjamiyat BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini 2019 yil 20 noyabrda nishonlaydi. Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya Bosh Assambleya tomonidan 1989 yili qabul qilingan va 1990 yili kuchga kirgan. Dunyodagi 196 ta davlat, shu jumladan, BMT a'zosi bo'lmagan Vatikan kabi davlatlar ham mazkur Konventsiya ishtirokchilari hisoblanadi.
O'zbekiston Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaga 1992 yil 9 dekabrda qo'shilgan. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjat mamlakatimiz uchun 1994 yil 29 iyuldan kuchga kirgan.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 iyuldagi qaroriga asosan BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlashga bag'ishlangan Tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Tadbirlar dasturi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorini bajarish yo'lida navbatdagi muhim qadam bo'ldi.
Dastur ijrosi doirasida, davlat va nodavlat tuzilmalarda mavjud salohiyat va resurslardan foydalangan holda, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya normalari aholi o'rtasida keng targ'ib qilinmoqda.
Ayniqsa, bola huquqlari bo'yicha xalqaro standartlar haqida joylardagi bolalar manfaatlari yo'lida ishlayotgan tegishli davlat va jamoat tuzilmalarini maqsadli, yalpi va tizimli xabardor qilishni kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.11.2019
- Ko'rishlar: 5196
- Chop etish