Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining 3 iyun kuni bo'lib o'tgan yig'ilishida Kengash a'zolari tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Frantsiya Respublikasining Milliy majlisi o'rtasidagi «O'zbekiston – Frantsiya» do'stlik guruhini tuzish hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bel`giya Federal parlamentining Vakillar palatasi bilan hamkorlik bo'yicha parlamentlararo guruhini tashkil etish to'g'risidagi masalalar ko'rib chiqildi, deb xabar tarqatdi, parliament.gov.uz sayti.
Yig'ilishda Kengash a'zolari tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov Qonunchilik palatasidagi har ikkala do'stlik guruhi rahbari etib tasdiqlandi. Guruh tarkibidan barcha siyosiy partiyalarning vakillari bo'lgan deputatlar o'rin oldilar.
Har ikkala mamlakat parlamentlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda, shuningdek, mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalarida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishda mazkur hamkorlik guruhlari zimmasiga tegishli mas'uliyatlar yuklatildi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, mamlakatimizda bugungi kunda yuz berayotgan shiddatli o'zgarishlar, tashqi va ichki siyosatdagi tamoman yangicha yondashuv, o'z navbatida, Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo yangi siyosiy muhitning qaror topishiga turtki bo'ldi.
O'zbekistonning o'zaro ishonch, teng manfaatli sheriklikka asoslangan tashqi siyosati tufayli nafaqat mintaqadagi davlatlar, balki uzoq-yaqindagi xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilot va moliyaviy tuzilmalar ham hamkorlikni yanada mustahkamlash istagini bildirmoqda. Bu esa ikki va ko'p tomonlama masalalarning hal etilishida muhim omil bo'lmoqda.
Yana bir e'tiborli jihat: tashqi siyosatga oid muhim vazifalarni bajarishda parlament diplomatiyasining roli tobora ortib bormoqda. O'zbekistonning milliy manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari surish borasida Oliy Majlisning faoliyati kuchaymoqda. Qonunchilik palatasida chet el parlamentlari bilan hamkorlik guruhlari shakllantirilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
* * *
Shu kuni O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi “O'zbekiston-Frantsiya” hamkorlik guruhi bilan Frantsiya Milliy assambleyasining “Frantsiya-Markaziy Osiyo parlamentlararo do'stlik guruhi”ning birinchi qo'shma majlisi videokonferentsiya shaklida bo'lib o'tdi.
Tadbirda O'zbekiston tomonidan do'stlik guruhi rahbari, Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov va Frantsiya tomonidan guruh rahbarining o'rinbosari Pyer Kabare so'z oldi. Ular ushbu do'stlik guruhlari tashkil etilishi bilan bir-birlarini qutladilar.
Ushbu onlayn muloqotda qatnashgan Frantsiya Milliy assambleyasi do'stlik guruhining ikki a'zosi - Pyer Kabare va Karol Byuro-Bonnar 2019 yilda O'zbekistonda bo'lgan, deb axborot berdi parliament.gov.uz sayti.
Ulardan biri o'tgan yil oxirida Oliy Majlisga bo'lib o'tgan saylovlarda kuzatuvchi sifatida qatnashgan bo'lsa, ikkinchisi o'sha yil aprel` oyida Frantsiya Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi tarkibida yurtimizga kelgan.
Videokonferentsiya chog'ida bunday parlamentlararo do'stlik guruhlarining tuzilishi mamlakatlarimizning ikki tomonlama keng miqyosdagi samarali hamkorligining rivojlanishiga turtki berishiga ishonch bildirildi. Tomonlar koronavirus tarqalishining oldini olish bo'yicha o'z mamlakatlarida ko'rilgan chora-tadbirlar va bu ishlarda parlamentlarning tutgan o'rni to'g'risida uchrashuv qatnashchilarini xabardor qildilar.
Shuningdek, ikki davlat parlamentlararo hamkorligining bugungi holati va istiqbollari xususida o'zaro fikr almashildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.06.2020
- Ko'rishlar: 4116
- Chop etish