2020 yil 28 fevral kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi loyihasi bo'yicha milliy maslahatlashuvlar bo'lib o'tdi.
Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning O'zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori, BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy bo'limi hamda YEHXTning O'zbekistondagi loyihalar koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Mazkur tadbirni kirish so'zlari bilan ochib, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMTning O'zbekistondagi Doimiy koordinatori Xelena Freyzer, YEHXTning O'zbekistondagi vakili vazifasini bajaruvchisi Xans-Ul`rix Im Milliy strategiya qabul qilinishining ahamiyati, uning inson huquqlari samarali himoya qilinishini ta'minlashga qaratilganligini ta'kidlab o'tdilar.
Markaz direktori Akmal Saidov Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy strategiyasi loyihasi 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga murojaatnomada o'z ifodasini topgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoevning tashabbusi asosida ishlab chiqilganligini ta'kidlab o'tdi.
Miliy strategiya insonlar turmush darajasi va farovonligini oshirishning eng muhim va zaruriy sharti sifatida O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo'nalishlarini belgilab beradi.
1993 yil 25 iyun kuni Vena shahrida bo'lib o'tgan Inson huquqlari bo'yicha umumjahon konferentsiyasida qabul qilingan Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturida har bir davlatga, inson huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirishni yaxshilash uchun, milliy harakatlar rejasini (strategiyasini) ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi masalasini ko'rib chiqish tavsiya qilingan. Bugungi kunga kelib, jahonning 40 dan ortiq davlati o'zining inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyasi (rejasi) ni qabul qilgan, ular orasida Avstraliya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Indoneziya, Meksika kabi mamlakatlar bor.
Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiya O'zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari to'liq bajarilishini ta'minlash; fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishini monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish; inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta'minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy va boshqa kompleks choralar tizimini yaratish; qonunchilikka va davlat organlari, xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning amaliy faoliyatiga inson huquq va erkinliklari sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish mexanizmlari va tartibi samaradorligini oshirish; aholining inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jumladan bu borada samarali axborot va ma'rifat tarqatish, ta'lim berish faoliyatini tashkil etish; inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikka qaratilgan.
Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqish jarayonida 50 dan ortiq davlat organlari, idoralar va nodavlat notijorat tashkilotlaridan 300 dan ortiq takliflar olindi, ulardan 200 ga yaqini loyihani takomillashtirish uchun qabul qilindi.
Shuningdek, Milliy strategiya loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz saytida joylashtirildi. Milliy strategiya loyihasi yuzasidan 30 dan ortiq milliy elektron saytlarda, 10 dan ortiq xorijiy saytlarda ijobiy munosabatlar bildirildi.
Tadbirda 100 dan ortiq ishtirokchilar, shu jumladan fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, vazirlik va idoralar, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar, ilmiy-o'quv muassasalar rahbar va xodimlari qatnashdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
- Qo'shildi: 28.02.2020
- Ko'rishlar: 4758
- Chop etish