21 iyul kuuni “Barqaror rivojlanish maqsadlari va barqaror ijtimoiy taraqqiyot: COVID-19 asoratlaridan keyin samarali tiklanish” mavzuida videokonferentsaloqa shaklida xalqaro forum bo'lib o'tdi. Unda parlament palatalari, tegishli vazirlik va idoralar, BMT va uning ixtisoslashtirilgan tuzilmalari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o'tkazilgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov va BMTning O'zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer tadbirga moderatorlik qildi.
Forumda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbaeva, Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov tabrik so'zi bilan chiqish qildi. JSST Bosh direktori T. Gebreysus, YUNESKO Bosh direktori O. Azule, JSSTning mintaqaviy direktori doktor Xans Klyuge, XMT Bosh direktori o'rinbosari hamda Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy direktori Xaynts Kyoller va boshqalar tomonidan anjuman ishtirokchilariga videomurojaat yo'llandi.
JSST Bosh direktori T. Gebreysus madaniyat, sog'liqni saqlash, mehnat kabi ijtimoiy taraqqiyot sohalarini tahlil etish bo'yicha Ikkinchi global muhokamalarni tashkil etgani uchun O'zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirdi.
T. Gebreysus o'z videomurojaatida: “Pandemiya bizga sog'liq hashamat belgisi emasligini eslatib qo'ydi. Bu iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy barqarorlik asosidir. U favqulodda vaziyatlarga tayyorlik va unga javob berishni ta'minlashga investitsiya umumiy kelajagimiz uchun sarmoya ekanligini anglatib qo'ydi. Sog'liqni saqlashning asosiy xizmatlaridan foydalanish uchun imkoniyat yaratishni qo'llab-quvvatlash COVID-19dan keyin mamlakatlarning qayta oyoqqa turishida hal qiluvchi ahamiyatga ega”, deya ta'kidladi.
YUNESKO Bosh direktori Odre Azule ham tadbir qatnashchilarini qutlab, ta'lim maqsadlari uchun ko'mak berish yana kuchaytirilayotgan bo'lsa-da, bugungi kunda COVID-19 pandemiyasi bizni bir necha yil ortga qaytarib yuborish tahdidini yuzaga keltirayotganini qayd etdi.
Binobarin, O.Azule ta'biri bilan aytganda, “Pandemiyaning buzg'unchi oqibatlariga duch kelgan ekanmiz, ta'lim ehtiyojlari uchun yordam, shubhasiz, har qachongidan ham ko'ra muhimdir. Mamlakatlarga pandemiyaga qarshi kurashish uchun qo'shimcha mablag'lar kerak bo'ladi va ta'lim ham ko'mak berish, ham milliy miqyosda mablag' ajratish hajmlari nuqtai nazaridan ustuvor yo'nalishga aylanishi shart. Bu ta'lim sohasidagi Global maqsadlarimiz — BRM-4ga erishishdan ortda qolishdan qochishimiz uchun kerak”.
XMT Bosh direktori o'rinbosari Xaynts Kyoller esa videomurojaatida shunday dedi: “Pandemiya — bu nafaqat sog'liqni saqlash sohasidagi inqiroz, balki butun dunyoda iqtisodiyot va jamiyatning chuqur larzaga kelishidir. Mazkur krizis bizni munosib mehnat va BRMning shu bilan bog'liq 8-maqsadiga erishishdan uzoqlashtirish xavfini paydo qiladi”.
X. Kyollerning so'zlariga qaraganda, XMT butun mintaqa, shu jumladan, O'zbekistonda ham koronavirusning mehnat bozoriga ta'sirini baholash bo'yicha ishlar olib boryapti. Ekspert O'zbekistonda bolalar va majburiy mehnatni bartaraf etish bo'yicha kuzatilayotgan o'sishga yuksak baho berdi. U munosib mehnat bo'yicha yangi dastur ishlab chiqish yo'li bilan O'zbekiston hukumatining BRM maqsadlariga erishishini qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi. Ushbu dastur Barqaror rivojlanishning 1- va 8-maqsadlarini ro'yobga chiqarishga yo'naltiriladi.
BMT Bosh kotibining o'rinbosari, BMTRD Ma'murining maxsus maslahatchisi Abdulla Mar D`eye o'z vidomurojaatida qayd etganidek, “Pandemiya Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan e'tibordan chalg'itmasligi va oxirgi o'n yillikda qo'lga kiritilgan natijalarga daxl qilmasligi kerak. Shuningdek, ushbu inqiroz yuzaga chiqargan dolzarb masalalar, xususan, notenglik va beqaror o'sish, boshqarishdagi o'zaro bog'liq muammolar, iqlim o'zgarishi, to'rtinchi sanoat inqilobi taraqqiyoti va imkoniyatlari uchun oqibatlarni ham e'tibordan chetda qoldirmaslik zarur”.
Eslatib o'tamiz, forum ishi 4-ishchi sessiya doirasida tashkil etildi. Unda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lida ijtimoiy rivojlanish, madaniyat, sog'liqni saqlash va mehnat
muhofazasiga oid keng ko'lamdagi masalalar ko'rib chiqildi.
YUNESKO vakili, ushbu tashkilot Bosh direktorining madaniyat bo'yicha o'rinbosari Ernesto Otton Ramires, JSSTning yuqumli bo'lmagan kasalliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurashishni Global muvofiqlashtiruvchi mexanizm bo'yicha departamenti direktori S. Dalil, XMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'yicha Byurosi direktori o'rinbosari Xolud al-Xaldi ham onlayn anjumanda qatnashdi.
Ushbu xalqaro mutaxassislar BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari, shuningdek BMTga a'zo ilg'or davlatlarning barqaror ijtimoiy taraqqiyotni ta'minlash, jumladan, global pandemiya sharoitida ham bu maqsadga erishish bo'yicha tajribalari haqida ishtirokchilarga batafsil ma'lumot berdi.
Forumda O'zbekiston tomonidan sog'liqni saqlash, madaniyat, iqtisodiy rivojlanish va kambag'allikni qisqartirish, bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, shuningdek, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz vakillari ma'ruzachilar sifatida qatnashdi.
O'zbekistonda 2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish maqsadlari Kun tartibi ijrosi, O'zbekistonning pandemiyadan keyin BRMni amalga oshirish, madaniy merosni BRMga erishishdagi roli va hissasi, barqaror ijtimoiy rivojlanishni ta'minlash maqsadida barcha uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish zarurligi to'g'risidagi nuqtai nazari forum ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.
Anjumanda BMTning yuqori darajadagi Siyosiy forumi doirasida taqdimoti bo'lib o'tgan mamlakatimizning birinchi Milliy ixtiyoriy ma'lumotlari asosiy mazmuni, shuningdek, 2021-2023 yillarda BMTning Inson huquqlari kengashiga O'zbekiston nomzodini ilgari surish yo'lida olib borilayotgan sa'y-harakatlarga oid axborot ham taqdim etildi.
O'z navbatida, muhokamalar ishtirokchilari respublikada inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish, sog'liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimidagi islohotlar, shuningdek COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatish bo'yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida batafsil boxabar qilindi.
Koronavirus tufayli kelib chiqqan global inqiroz va aholi salomatligining yomonlashishi, sog'liqni saqlash tizimidagi uzilishlar, ish o'rinlari, ayniqsa, iqtisodiyotning norasmiy sektorida qisqarib ketishi kabi o'sib borayotgan fundamental tahdidlarga ham alohida e'tibor qaratildi.
Tadbirda so'zga chiqqanlar O'zbekistonda ijtimoiy taraqqiyotni ta'minlash bo'yicha tashlanayotgan qadamlarni e'tirof etgan holda, amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasining ustuvor yo'nalishlari BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga to'la uyg'un kelishiga urg'u berdilar.
Ma'lumot uchun: Ushbu xalqaro forum BMT Nizomi imzolangan kunning 75 yilligiga bag'ishlangan ikkinchi xalqaro anjumandir. U O'zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan “BMTning 75 yilligi: kelajakka nazar” global muhokamalari doirasida o'tkazildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.07.2020
- Ko'rishlar: 4291
- Chop etish