Mamlakatimizda o'tgan yili Germaniya Federativ Respublikasi e'lon qilingani va GFR Asosiy qonuni qabul qilinganligining 70 yilligiga bag'ishlangan bir qator tadbirlar o'kazilgandi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan O'zbekiston – Germaniya yuridik forumi ayniqsa katta ahamiyat kasb etdi.
Yaqinda poytaxtimizdagi «Niso Poligraf» nashriyoti tomonidan ana shu anjuman materiallari alohida to'plam shaklida o'zbek, nemis va rus tillarida chop etildi. «Germaniya va O'zbekistonning konstitutsiyaviy rivojlanishi tendentsiyalari» to'plami kirish so'zi, ma'ruzalar, qo'shimcha materiallar va fotolavhalardan iborat.
Eng muhimi, ushbu kitob 2019 yil 23 may kuni Toshkent shahrida o'tkazilgan O'zbekiston – Germaniya yuridik forumining asosiy mazmunini o'zida mujassamlashtirgan. Forum materiallarining keng qamrovi va ma'ruzalarning salmoqli mazmuni hamda mazkur tadbirning muhim xususiyatlaridan kelib chiqib, yangi nashrni siyosiy, huquqiy, ilmiy, madaniy yo'nalishdagi ahamiyatli to'plam sifatida tavsiflash mumkin.
To'plamning siyosiy-huquqiy tavsifi, bir tomondan, unda O'zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati har uch bo'g'ini oliy organlarining yuqori martabali mansabdor shaxslari kirish so'zlari va ma'ruzalari o'rin olganligi bilan belgilanadi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T.Norboeva, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o'rinbosari S.Safoev, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi B. Mirboboev kirish so'zi va ma'ruzalari shular jumlasidandir.
Ikkinchi tomondan, Germaniya Federativ Respublikasi Asosiy qonuni asoschilaridan biri, federal kantsler Konrad Adenauerning qizi Betina Adenauerning ma'ruzasi hamda Germaniya Federativ Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi G. Overfel`d, Konrad Adenauer jamg'armasining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari T. Kuntse va germaniyalik boshqa nufuzli mehmonlarning ma'ruzlari ushbu to'plamdan o'rin olgan ham uning siyosiy-huquqiy jihatdan muhim ahamiyatga egaligini ko'rsatadi.
To'plamdan joy olgan kirish so'zlari va ma'ruzalarning aksariyatida O'zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o'rtasidagi keng qamrovli va do'stona munosabatlarning o'tmishi, bugungi kuni va istiqbollari muhokama etilgan.
Qolaversa, mazkur to'plam ilmiy-huquqiy xususiyatga egaligi bilan alohida ajralib turadi. Unda O'zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi ilmiy-huquqiy doiralari nufuzli vakillarining ma'ruzalari ham o'z mujassamini topgan.
Jumladan, kitobda O'zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, professor A. Saidov, Germaniyaning Xemnits texnika universiteti professori Frank Lotar Kroll, professor M. Rustamboev ma'ruzalari chop etilgan. Bu chiqishlarda O'zbekiston va GFR konstitutsiyaviy rivojlanishining o'ziga xos xususiyatlari, o'xshashligi va farqlari, Germaniyaning konstitutsiyaviy rivojlanishi tarixi, unda inson huquqlari o'rni kabi masalalar ilmiy-nazariy tahlil qilingan.
To'plamning madaniy-huquqiy xususiyati haqida ham to'xtalish joiz. Chunki undagi materiallar ikki madaniyat vakillarining umuminsoniy va milliy qadriyatlar ruhidagi muloqotini aks ettirishi
bilan tavsiflanadi.
Mualliflar konstitutsiyaviy rivojlanish mavzusi doirasida o'zbek va nemis xalqlari madaniyatiga xos huquqiy qadriyatlarning shakllanishi va rivojlanishi masalalariga e'tibor qaratganlar. Bundan tashqari, Konstitutsiya, konstitutsiyaviy tuzum, inson huquqlari, fuqarolik jamiyati kabi umuminsoniy huquqiy qadriyatlar madaniy o'ziga xoslik bilan uyg'unlikda chuqur talqin qilingan.
Shu o'rinda kirish so'zlari va ma'ruzalarning mualliflari turli yo'nalishlarda O'zbekiston va Germaniya aloqalarining rivojlanishiga hissa qo'shib kelayotgan amaliyotchi siyosatchi va huquqshunoslar ekanini alohida ta'kidlash lozim. Shuning uchun ular tomonidan taqdim etilgan har bir fikr-mulohaza bevosita hayotdan olingan va katta amaliy ahamiyatga ega.
Yangi to'plam ikki mamlakatning siyosiy, huquqiy, ilmiy, madaniy va boshqa yo'nalishlardagi hamkorligi rivojlanishini ramziy ifodalaydi. Shuningdek, unda ushbu keng ko'lamli hamkorlikning
istiqboldagi yo'nalishlarini muhokama qilishga xizmat qilishi mumkin bo'lgan ilg'or g'oya va xulosalar taqdim etilgan.
Shu ma'noda, mazkur kitobni huquqshunoslik yo'nalishida tahsil olayotgan talabalar, huquqshunos professor-o'qituvchilar va yuridik soha mutaxassislari, umuman, keng jamoatchilikka tavsiya etamiz. Qo'llanma O'zbekiston va Germaniya konstitutsiyaviy rivojlanishi hamda ikki davlatning o'zaro hamkorligi istiqbollari bo'yicha bilim va ma'lumotlarni kengaytirishda qo'l keladi.
O'tkir Ochilov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi ma`sul xodimi,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent
- Qo'shildi: 18.05.2020
- Ko'rishlar: 4306
- Chop etish