Mamlakatimizda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash va koronavirusni yuqtirib olgan bemorlar salomatligini tiklash yuzasidan zarur vazifalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 1 apreldan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida «o'zini yakkalash» hayot tarzi joriy etildi.
Shu munosabat bilan 65 yoshdan yuqori bo'lgan fuqarolarning uyidan tashqariga chiqishi qat'iyan man qilindi. Ular zarurat bo'lgan taqdirdagina yaqin atrofdagi dorixona, oziq-ovqat va birinchi galdagi tovarlar do'koniga chiqishlari mumkin.
Bunday qarorga duogo'y otaxonu onaxonlarimizning harakatlanish erkinligini cheklash emas, balki bevosita ularning sog'liklarini asrab-avaylash nuqtai nazaridan kelindi. Bu qat'iy tartib aholi, ayniqsa, yoshi ulug' insonlarni COVID-19 epidemiyasidan ishonchli himoya qilishga qaratilgan.
Bunda, bir tomondan, nuroniylarimizni hamisha e'zozlash bilan bog'liq milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqilgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti va Xitoy, Janubiy Koreya kabi koronavirusga qarshi kurashishda muayyan tajribaga ega mamlakatlar mutaxassislarining tavsiya va maslahatlariga tayanildi. Binobarin, afsuski, butun dunyo bo'yicha ushbu infektsiyani yuqtirib vafot etayotganlar orasida asosan yoshi ulug' insonlar ko'pchilikni tashkil etmoqda.
Xalqaro olimlar guruhi Pekin tibbiyot markazida o'tkazgan tadqiqotlari natijasida aniqlanishicha, sog'ayib ketgan bemorlardan yarmi kasalliklar alomatlari yo'qolgandan keyin ham 1 kundan 8 kungacha virus tarqatishi davom etgan. Bundan tashqari, olimlarning fikricha, keksalarda virus yanada ko'proq muddat qolishi mumkin. Shu sababli xalqaro olimlar guruhi shifokorlarni bemorlar ortidan ular shifoxonadan chiqarilgach ham kuzatuv olib borishga chaqirishgan.
O'zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi karantin davrida keksalar, nogironlar va ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasi yuzasidan tegishli choralarni ko'rmoqda. Xususan, karantin davri boshidan 31 martga qadar keksa va nogironlarning zaruratsiz uydan chiqmasliklarini ta'minlash uchun ularning 40 ming 39 nafariga oziq-ovqat mahsulotlari, 101 ming 310 nafariga nafaqalari yashash manziliga yetkazib berilgan.
Tibbiyot xodimlari bu kasallik ulug' yoshli insonlarda og'ir kechishi haqida doimiy ogohlantirish va tushuntirish berishmoqda. Bu borada ommaviy axborot vositalari faol targ'ibot olib bormoqda. Yolg'iz yashovchi, qarovga muhtoj keksa va nogironlarning osh-ovqati, dori-darmonidan xabardor bo'lish uchun mahalla xodimlari, qo'ni-qo'shnilar jalb etilgan.
Shu bilan birga, koronavirus infektsiyasiga qarshi kurash asnosida ko'plab yurtdoshlarimiz va qator jamoat tashkilotlari shaxsiy tashabbus ko'rsatib chiqishayotganiga ham alohida to'xtalish lozim. Ular tomonidan o'tgan davrda ehtiyojmand oilalar, yolg'iz keksalar, nogironligi bo'lgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlamiga ko'mak berish uchun turli xayriya aktsiyalari uyushtirilgani tahsinga loyiqdir.
El boshiga ish tushgan sinovli kunlarda fuqarolarimizning bir-biriga mehr-oqibat va muruvvat ko'rsatayotgani, shubhasiz, jamiyatimizda birdamlik va jipslik, hamjihatlik va insonparvarlik fazilatlari yanada kuchayganidan dalolat beradi. Ayni chog'da, mutaxassislarning fikricha, bu turdagi aktsiyalar davomida COVID-19 virusining yanada keng tarqalish xavfi juda yuqori bo'ladi.
Mamlakatning hozirgi epidemiologik holatida sanitariya-gigiena qoidalari va karantin talablarini chetlab o'tib, yakka tartibda xayriya tadbirlarini amalga oshirish aholi, ayniqsa, nuroniylar hayotini jiddiy xavf ostiga qo'yadi.
Shu bois bu kabi yakka tartibdagi xayriya aktsiyalari 1 apreldan e'tiboran vaqtincha to'xtatildi.
Respublika maxsus komissiyasi axborotida qayd etilishicha, ehtiyojmand kishilarga xayriya yordamlarini manzilli yetkazishga ko'maklashish uchun bunday tadbirlar endilikda markazlashgan tartibda amalga oshiriladi. Shu maqsadda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi qoshida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tashkil etildi.
Bugungi kunda dunyoning 180 mamlakati va hududida koronavirus mavjud. To'g'ri, jahon miqyosida COVID-19 virusidan vafot etish holatlari yoshlarga nisbatan keksalarda ko'proq uchramoqda. Biroq bu faqat keksalar virus yuqtiradi degani emas. Xususan, Statista.com sayti ma'lumotlariga qaraganda, Germaniyada virusga chalinish holati eng ko'p 15 yoshdan 59 yoshgacha bo'lganlar orasida kuzatilmoqda.
Bundan tashqari, yosh toifasiga qarab guruhlanish bo'yicha bir mamlakatdagi ahvol boshqa mamlakatdagi ahvolga o'xshamaydi. Masalan, Italiyada 51 yoshdan 70 yoshgacha bo'lgan fuqarolar orasida koronavirus bilan kasallanganlar ko'pchilikni tashkil etadi. Kasallik, asosan, 65 yoshdan yuqori bemorlarning
o'limiga sabab bo'layotgani uchun mazkur mamlakatda keksa bemorlarni hatto kasalxonaga qabul qilmaslikkacha borishga majbur bo'lishdi.
Shu o'rinda Internetda tarqalgan bir qiyosga e'tiboringizni qaratamiz. Gap shundaki, Italiyada ko'p odam vafot etayotganining asosiy sabablaridan biri sifatida mamlakatda qariyalar soni ko'pligi keltirilmoqda. Ammo aholisi orasida qariyalar soni ko'pligi bo'yicha dunyoda Yaponiya yetakchi hisoblanadi. Kunchiqar yurtda 130 millionga yaqin odam yashaydi. Ularning 36 milliondan ko'pi 65 yoshdan katta insonlar. 70 yoshdan oshganlar soni esa 27 millionni tashkil qiladi.
Italiyada 65 yoshdan kattalar aholining 22 foizini tashkil qilsa, Yaponiyada bu ko'rsatkich 31 foiz atrofida. Italiya aholisi (61 million) Yaponiyanikidan (130 million) ikki barobar kam. Ya'ni, Yaponiyada keksa yoshdagi kishilar soni Italiyadagiga qaraganda ancha ko'p. Kunchiqar yurtda erkaklar o'rtacha 80, ayollar esa 84 yil umr ko'radi. Shunday bo'lsa-da, koronavirus Yaponiyaga katta talafot keltira olmadi.
O'tgan kuni Internetda ispan grippidan va jahon urushidan omon chiqqan 101 yoshli italiyalik otaxon koronavirusni ham yenggani haqida xushxabar tarqaldi.
Rasmiy statistikaga ko'ra, endilikda u COVID-19 virusi yuqishidan tuzalib chiqqan dunyodagi dastlabki eng keksa odamga aylandi.
Niderlandiyada nashr etiladigan NL Times gazetasi ham kuni kecha 101 yoshga to'lgan ayol koronavirusning yangi turini yuqtirganidan so'ng tuzalib, kasalxonadan chiqarilgani haqida ma'lum qildi. U davolangan shifoxona pulmonologining e'tirof etishicha, ushbu jasur ayol ijtimoiy qoidalar, tartib va intizomga qat'iy rioya qilgani uchun shunday ijobiy natijaga erishgan.
Rostini aytganda, 100 yoshdan oshgan ayol va erkakning COVID-19 virusi panjasidan omon qolganini ko'pchilik favqulodda kamyob hodisa deb baholashi mumkin. Shunga qaramay, bu kabi hayratlanarli holatlar sayyoramiz bo'ylab qo'rqinchli va qattol pandemiya keng tarqalayotgan bugungi murakkab davrda ham odamzot yashab qolishiga, eng muhimi, ko'rinmas dushmanni yaqin orada albatta yengib chiqishimizga umid va ishonch bag'ishlaydi.
Shunday qilib, jahon miqyosida koronavirus infektsiyasi tarqalishi hisobiga ko'plab davlatlar qatori O'zbekistonda ham insonlar harakatlanishini muayyan darajada cheklashga to'g'ri kelmoqda. Binobarin, bugungi vaziyat hammamiz uchun bir sinov davridir. Har qanday holatda ham faqatgina aniq maqsad, dadil qadam ertangi kunimiz manzilini belgilaydi va biz bu sinovni hamjihatlik bilan yenga olamiz.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 02.04.2020
- Ko'rishlar: 4613
- Chop etish