Frantsuz jurnalisti, «L'Opinion» gazetasi tahririyatining “Osiyo” bo'limi mudiri va muharriri Klod Leblanc mamlakatimizga safarining ikkinchi kuni Samarqand shahrida bo'ldi. Xorijlik mehmonning qadimiy va navqiron shahrimizga safari 22 dekabr – saylov kuniga to'g'ri keldi.
Klod Leblancning aytishicha, u aholining saylovga befarq emasligiga guvoh bo'lgan. Saylovchilarning ovoz berishda faol va ko'tarinki kayfiyatda ishtirok etgani frantsuz
jurnalistini hayron qoldirgan.
K.Leblans menga qo'l telefonidagi suratlarni ko'rsatadi: saylov uchastkalaridagi ishchan jarayonlar, saylovchilarning ovoz berishi, siyosiy partiyalar vakolatli vakillari va xalqaro kuzatuvchilarning xolis nazorati, saylov jarayonlarini yoritayotgan ommaviy axborot vositalari jurnalistlarining faoliyati...
– O'zim borib kuzatgan saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari milliy qonunchilik va xalqaro saylov standartlariga muvofiq holda, shaffof, ochiq va oshkora tashkil etilganini ko'rdim, – dedi K.Leblans.
– Davlat saylash va saylanish uchun fuqarolarga teng va keng sharoitlar yaratgan. Markaziy saylov komissiyasi, joylardagi saylov komissiyalari mustaqil va ishchan faoliyat yuritmoqda. Siyosiy partiyalar kuzatuvchilari hushyor va talabchan. Xalqaro kuzatuvchilar ham ko'p ekan. Ayniqsa, volontyorlarning beminnat faoliyati, xususan, xalqaro kuzatuvchilar va xorijiy jurnalistlarga tarjimonlik qilayotgani menga manzur bo'ldi. Bularning barchasi, O'zbekistonda saylovlar demokratik asosda va zamonaviy talablar bo'yicha tashkil etilganidan dalolat beradi.
Darvoqe, Klod Leblanc Samarqand bilan ilk bor tanishdi. Shu bois uning sayohatdan olgan taassurotlari bilan ham qiziqdim. “Ko'hna poytaxt shahrimiz sizga manzur bo'ldimi?”, degan savolimga: “Er yuzida Samarqandni yoqtirib qolmaydigan odam bolasi topilarmikan?”, deya javob qaytardi frantsuz hamkasbim.
G'ulom Mirzo
(K.Leblans fotosuratlaridan foydalanildi)
- Qo'shildi: 23.12.2019
- Ko'rishlar: 4885
- Chop etish