Toshkentdagi G'alaba bog'iga bag'ishlangan kitobning Moskvada taqdimoti bo'ldi

18 may kuni Moskvada O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan nashr etilgan “G'alaba bog'i falsafasi” kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi.

Taqdimot mamlakatimiz delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida tashkil etildi. Tadbirni ushbu delegatsiya rahbari – O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov olib bordi.

Toshkent shahrida bundan bir yil ilgari bunyod etilgan “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag'ishlangan kitobning Moskvadagi taqdimoti “Rossotrudnichestvo” tashkiloti rahbari Yevgeniy Primakov bilan hamkorlikda o'tkazildi.

Taqdimotda Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi Mudofaa masalalari bo'yicha qo'mitasi raisi Vladimir Shamanov, fazogir – Rossiya Qahramoni Solijon Sharipov, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar bo'yicha elchisi, Rossiya Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Vladimir Churov, taniqli rossiyalik yozuvchi Fedor Razzakov, O'zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchisi Botir Asadov va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, ushbu kitob Prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbusi asosida G'alabaning 75 yilligi munosabati bilan yozilgan va nashr etilgan. Taqdimot ishtirokchilari kitobning beqiyos ahamiyati haqida so'z yuritish asnosida, ushbu muhtasham nashr tarixiy xotirani yodda saqlash nuqtai nazaridan nihoyatda muhim o'rin tutishini ta'kidladilar.

Shuningdek, kitob yuksak matbaa yutuqlari asosida chop etilgani, muallif tanlangan mavzuni yoritish masalasiga nihoyatda serqirra yondashgani, xususan, kitob sahifalarida hatto turli millat va elatlar vakillaridan tarkib topgan “Turkiston legioni” va “Frantsuz qarshilik harakati” bilan bog'liq ma'lumotlar ham joy olgani e'tirof etildi. Bundan tashqari, kitobning kengaytirilgan shaklini Rossiya Federatsiyasida nashr etish taklifi bildirildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech