O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Jazo muddatini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida”gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligi munosabati bilan hamda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan jazo muddatini o'tayotgan 92 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 20 nafari jazodan to'liq ozod qilinadi, 37 nafari jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 16 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi, bir so'z bilan aytganda, 73 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda va probatsiya xizmati organlari nazoratidan olinmoqda. Shuningdek, 19 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.
Afv etilganlarning 3 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 3 nafarini ayollar hamda 79 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Bu voqea yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining, xalqimizga xos bag'rikenglik, kechirimli bo'lish, olijanoblik va mehr-muruvvat ko'rsatish kabi ezgu fazilatlar namoyon bo'lganining amaliy ifodasidir.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag'riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug'ullanishlari, sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yib, jamiyatda munosib o'rin topishlari uchun ularga ko'mak berish yuzasidan mas'ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ma'lumot uchun: keyingi yillarda mamlakatimizda insonparvarlik tamoyili asosida mutlaqo yangi amaliyot joriy etilmoqda. Buning natijasida jinoyat yo'liga adashib kirib, qilmishiga chin dildan pushaymon bo'lgan fuqarolar, jumladan, yosh yigit-qizlar va ayollar Yoshlar ittifoqi, mahallalar va xotin-qizlar qo'mitalarining kafilligi bilan jazodan ozod qilinmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bilan 6 mingdan ziyod kishi fuqarolikka qabul qilinib, ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o'tayotgan, qilgan ishlaridan chin dildan pushaymon bo'lgan va axloqiy tuzalish yo'liga qat'iy kirgan 4 mingdan ziyod shaxs afv etildi.
Faoliyati taqiqlangan tashkilotlarga adashib kirib qolgan, qilmishiga pushaymon bo'lib, tuzalish yo'liga o'tgan fuqarolarning murojaatlarini ko'rib chiqish bo'yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.
Sud-huquq islohoti doirasida ko'zda tutilgan yangiliklar fuqarolarning odil sudlovga erishish kafolatlarini kengaytirdi. Jamiyatni demokratlashtirishning eng muhim tarkibiy qismi sifatida sudlarning xolisligi va mustaqilligini mustahkamlash uchun sharoit yaratdi.
Faqat 2018 yilning o'zida 1 ming 881 ta jinoyat ishi dalillarning yetarli emasligi uchun to'xtatildi. 867 kishi oqlandi, bu ko'rsatkich 2016 yilda – 28, 2017 yilda – 263 tani tashkil etgan. Shuningdek, 5 ming 462 nafar shaxsga nisbatan bildirilgan ayblovlardan, tergov davomida asossiz ravishda ayblanganlar istisno qilinib, 3 ming 290 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan.
2019 yilning o'tgan davrida 758 kishi oqlandi. 2 ming 306 kishi sud zalidan ozod qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.12.2019
- Ko'rishlar: 4967
- Chop etish