O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligi bayrami arafasida mamlakatimizda birinchi marta Asosiy qonunimiz Brayl alifbosida kitob holida nashrdan chiqdi.
Ushbu rasmiy nashr Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosi doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan chop etildi. Bu ezgu ishda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi yaqindan yordam berdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, keyingi yillarda kam ta'minlangan, nogironligi bo'lgan insonlar, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylandi.
Konstitutsiyaning 14-moddasiga muvofiq, davlat o'z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko'zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik printsiplari asosida amalga oshiradi. Fuqarolarning ijtimoiy himoyalanganligi davlat faoliyatining asosiy mezonlaridan biri sanaladi. Asosiy Qonunning IX bobi fuqarolarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini kafolatlaydi.
Mamlakatimizda nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri imkoniyati cheklangan shaxslarga O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume'tirof etilgan printsiplari va normalari, shuningdek O'zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlarni ta'minlash hisoblanadi.
Shu ma'noda, Brayl alifbosida chop etilgan “O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” rasmiy nashri yurtimizdagi nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash va amalga oshirish maqsadlariga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.12.2020
- Ko'rishlar: 5361
- Chop etish