Ombudsman BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari bilan uchrashdi

Xabaringiz bor, 2023 yilning 13 mart kuni  Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari O‘zbekistonga tashrif buyurishgan edi.

Shu kuni delegatsiya aʼzolari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova bilan ham uchrashishdi.

Uchrashuvda mehmonlar Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, jumladan murojaatlar bilan ishlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari, xalqaro hamkorlik hamda jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha faoliyati bilan tanishtirildi. Xususan, Ombudsman BMTning tegishli Qo‘mitalariga xalqaro Konvensiyalar ijrosi bo‘yicha muqobil maʼruzalar kiritib borishi va 2023 yilda mazkur yo‘nalishdagi ishlar yana-da kuchaytirilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, F.Eshmatova Konstitutsiyaviy islohotlarga to‘xtalar ekan, loyihada Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqining berilishi nazarda tutilgani, bu esa fuqarolar murojaatlarini o‘rganish davomida qonun hujjatlarida aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirishga xizmat qilishini qayd etdi.

O‘zaro muloqot davomida O‘zbekiston hamda BMT va uning tuzilmalari o‘rtasida inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Uchrashuv konstruktiv muloqot hamda do‘stona ruhda o‘tdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

O‘zA 

Powered by GSpeech