Shu yilning 3-7 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” madaniy meros haftaligi hamda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi o‘tkaziladi.
Ushbu tadbirlarga dunyoning 60 ga yaqin mamlakatlaridan yuzlab mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda.
Hafta davomida poytaxtimizdagi muzeylarda Temuriylar davri madaniy merosi, xalq amaliy san’ati durdonalari, O‘zbekistonda saqlanayotgan Avangard san’ati durdonalari ko‘rgazmalari o‘tkaziladi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston – barqaror rivojlanish sari”, “Qulay biznes muhiti”, “Sog‘lom va bilimli jamiyat”, “Sifatli ta’lim va innovatsiyalar – barqaror kelajak asosi”, “Minataqalarni bog‘lovchi ko‘prik”, “Inson qadri e’zozlanadigan diyor” singari mavzularda konferensiya va davra suhbatlari, uchrashuv va taqdimotlar o‘tkaziladi.
Poytaxtimizda mazkur haftaliklarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari, jurnalist va blogerlar tashrif buyurdi.
Marosim avvalida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlari haqidagi videorolik namoyish qilindi. So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda madaniyat va san’atni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor xususida to‘xtalib o‘tdi.
– Bugun dunyo miqyosida mamlakatlar asosan iqtisodiy imkoniyatlari bilan emas, qadriyatlari, madaniyati bilan o‘zaro bellashyapti, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev. – O‘zbekiston ham o‘zining tashqi siyosatida birinchi navbatda madaniy salohiyatiga tayanadi. Shu orqali yurtimiz bugun xalqaro miqyosda o‘z imijini yaratmoqda. Bugun boshlanayotgan madaniy tadbirlar ham O‘zbekiston madaniyati va qadriyatlarini targ‘ib etishga qaratilgan.
–Insoniyat uchun eng muhimi bu muloqotdir, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov. – Yurtimizda xalqaro darajadagi muloqotlarni ta’minlash maqsadida davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan keng qamrovli ishlar qilinmoqda. Xususan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati bajarayotgan ulkan ishlar haqida uzoq gapirish mumkin. Bugun ishga tushirilgan mazkur madaniyat maskani ham, bugundan boshlanadigan madaniy tadbirlar ham aynan turli davlatlar, xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni ta’minlaydi, deb umid qilaman.
–Bugungi anjuman avvalo ijod ahlini, madaniyat va san’at vakillarini jamlamoqda, – dedi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov. – Ayni paytda xalqaro darajadagi hamkorlik aloqalarimiz rivojlanib bormoqda. Bunda san’atimiz vakillarining ham munosib o‘rni bor. Bugun ochilayotgan haftalik ana shu hamkorlikni yanada mustahkamlashga, o‘zbek madaniyati va san’ati shuhratini yanada keng yoyishga xizmat qiladi.
–Biz Yangi O‘zbekistonda milliy kino san’ati rivojiga qaratilayotgan e’tibordan minnatdormiz, – dedi Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov. – Ayniqsa, xalqaro andozalarga mos ravishda, yangi ijodiy loyihalar taqdimotini o‘tkazishga mo‘ljallangan yangi bino – Tadbirlar majmuasi qurilib foydalanishga topshirilishi ana shu yuksak e’tiborning yorqin dalili bo‘la oladi.
–Hamma narsani vaqt hal qiladi, deyishadi, – dedi O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev. – Bir paytlar bunday yirik san’at koshonalarini orzu qilishimiz mumkin edi, xolos. Bugun ana shu orzular amalga oshmoqda. Yurtimizda barcha sohalar qatori, madaniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham keng qamrovli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Vatanimiz kundan-kunga chiroy ochib, yangidan-yangi imoratlar, madaniy-ma’rifiy muassasalar bunyod etilmoqda. Keyingi yillarda O‘zbekiston bir qator xalqaro madaniy tadbirlarga mezbonlik qilmoqda. Xususan, maqom, baxshichilik, hunarmandchilik anjumanlari, Toshkent Xalqaro kinofestivali shular jumlasidan.
Tantanali marosim davomida bayram sayli, ko‘rgazmali chiqishlar, dilrabo kuy-qo‘shiqlar, ko‘ngilochar tomoshalar ishtirokchilarni mamnun etdi.
O‘zA
- Qo'shildi: 03.07.2023
- Ko'rishlar: 3797
- Chop etish