18 iyul kuni Toshkent viloyatida “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyaning bajarilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Oltinchi davriy hisobotini tayyorlash yuzasidan davlat organlari xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish” mavzusiga bag‘ishlangan trening boshlandi.
To‘rt kun davom etadigan o‘quv mashg‘ulotlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi hamkorligida tashkil etildi. Mazkur trening huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va akademik hamjamiyat vakillari uchun o‘tkazilmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi – Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyaning bajarilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Oltinchi davriy hisobotini tayyorlash doirasida xorijiy mamlakatlarning eng yaxshi amaliyotlari bilan tanishtirish orqali huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va akademik hamjamiyat vakillarining bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.
Trening davomida milliy ekspertlar Qiynoqlarga qarshi qo‘mitaning O‘zbekistonga taqdim etgan yakuniy tavsiyalari ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ham ma’lumot beradi.
Ishtirokchilar BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘shmitasi faoliyati, Qiynoqlarga qarshi konvensiya ijrosi bo‘yicha hisobot berish jarayoni, mazkur jarayondagi xalqaro standartlarni ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, Qiynoqlarga qarshi qo‘mita yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish va monitoring qilish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha milliy salohiyatni kuchaytirish, Qo‘mitaga davriy hisobotlarni taqdim etish shartlari muhokama qilinmoqda.
Mashg‘ulotlar avvalida alohida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish, jumladan, qiynoqlarning oldini olish va bartaraf etish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish borasida tizimli chora-tadbirlar izchil va bosqichma-bosqich asosda amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta’kidlaganidek, “Shafqatsiz muomala va qiynoqlarning taqiqlanishi – inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarda ham, butun dunyo mamlakatlarining milliy qonunchiligida ham e’tirof etilgan asosiy huquqdir. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas”.
Mazkur trening O‘zbekistonda YeXHTning loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” doirasida tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 19.07.2023
- Ko'rishlar: 4210
- Chop etish