Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar Boshqarmasi ma’ruzasida O‘zbekistonning takliflari e’tirof etildi

2023 yil 11 sentyabr kuni boshlangan va 6 oktyabrgacha davom etadigan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 54-sessiyasida ko‘rib chiqiladigan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining ma’ruzasi BMT Bosh Assambleyasining hujjati sifatida tasdiqlandi. Ma’ruza Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi beshinchi bosqichi uchun inson huquqlarining maqsadli sektorlari, asosiy sohalari yoki mavzuli masalalari yuzasidan davlatlar va boshqa manfaatdor tomonlar bildirgan fikrlarni o‘zida mujassam etgan.

Ma’lumki, 2004 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi e’lon qilingan. Bundan maqsad – barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va biznes sektorida inson huquqlari sohasidagi ta’lim dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashishdir.

Hozirgi vaqtgacha ushbu Dasturning quyidagi uchta bosqichi amalga oshirildi:

birinchi bosqich: 2005-2009 yillar – maktablarda inson huquqlari sohasidagi ta’lim jarayonlarini qamradi;

 ikkinchi bosqich: 2010-2014 yillar – oliy ta’lim tizimi, shuningdek o‘qituvchi-murabbiylar va davlat xizmatchilari uchun inson huquqlari sohasidagi ta’limga bag‘ishlandi;

uchinchi bosqich: 2015-2019 yillar – ommaviy axborot vositalari vakillariga inson huquqlari sohasida ta’lim berildi.

O‘z navbatida, 2020-2024 yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi bajarilmoqda. Mazkur bosqich inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2022 yil 6 oktyabrdagi Rezolyusiyasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirishga mas’ul tegishli manfaatdor tomonlarning bu boradagi ijobiy tashabbuslari alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan takliflarni shakllantirish masalasi kun tartibiga qo‘yildi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasiga BMTning barcha tuzilmalari, davlatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va manfaatdor tomonlarning ayni mavzudagi fikr-mulohazalarini so‘rab olish tavsiya etildi. Shu munosabat bilan Oliy komissar Boshqarmasi 2023 yil 2 martda a’zo-davlatlarga tegishli masalada o‘z fikrlarini bildirish va zarur materiallarni taqdim etishni so‘rab murojaat qildi. O‘z navbatida, 2023 yil 1 mayda Oliy komissar Boshqarmasi veb-saytida bu haqda e’lon berildi.

Shundan so‘ng BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasiga 2023 yil 30 iyungacha bo‘lgan davrda 15 ta davlat, 3 ta hukumatlararo tashkilot, Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 4 ta maxsus protsedurasi, 8 ta inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy institut, ma’ruza taqdim etadigan va bu borada keyingi faoliyatni amalga oshiradigan 2 ta milliy mexanizm, 17 ta fuqarolik jamiyati instituti va 4 nafar alohida shaxs – jami 53 respondentdan 50 ta taqdimnoma kelib tushdi. Oliy komissar Boshqarmasining ma’ruzasi ana shu takliflar negizida tayyorlangan.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining ma’ruzasida o‘z takliflarini bergan respondentlar orasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi alohida ta’kidlangan. Ma’ruzaning 43-bandida qayd etilganidek, Milliy markaz Jahon ta’lim dasturi beshinchi bosqichi bo‘yicha inson huquqlarining quyidagi maqsadli sektorlariga oid takliflarni taqdim etgan:

  • bolalar va yoshlarga oid – ular o‘zgarishlarning shijoatli davomchilariga aylanishlari mumkin;
  • ayollar va qizlarga oid – ularning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish lozim;
  • jamiyatning zaif qatlamlari, jumladan, qochoqlar, migrantlar, nogironligi bo‘lgan insonlarga oid – ular inson huquqlari sohasidagi ta’limdan tom ma’noda bahramand bo‘lishlari uchun tegishli sharoitlarni yaratish kerak;
  • fuqarolik jamiyati va jamoat tashkilotlariga oid – ularning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi salohiyatini oshirish zarur;
  • korxona va korporatsiyalarga oid – ularning ishchi-xodimlar va iste’molchilar huquqlarini hurmat qilishga qaratilgan axloqiy va ijtimoiy mas’uliyatini izchil rag‘batlantirib borish taqozo etiladi.

Bundan tashqari, “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi beshinchi bosqichda inson huquqlari sohasidagi ta’limda raqamli davr afzalliklariga tayanishni, xususan, imkon qadar keng auditoriyani qamrab olishga va Internetda yolg‘on va nafrat ruhidagi ma’lumotlar tarqatilishi oqibatida kelib chiqadigan muammolarga samarali yechim topishga xizmat qiladigan texnologiyalardan foydalanishni taklif etgan”, deyiladi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining ma’ruzasida.

Oliy komissar Boshqarmasi ma’ruzasining “Xulosalar” qismida bayon etilgan aksariyat bandlarda ham O‘zbekiston tomoni taqdim etgan takliflar asosida muhim tavsiyalar berilgan. Jumladan, ma’ruzaning yakuniy 74-bandida qayd etilishicha, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi beshinchi bosqichining ustuvor maqsadli guruhlari – yoshlar va jamiyatning zaif qatlamlari hamda alohida shaxslar hisoblansa, asosiy ustuvor sohalar sifatida esa raqamli makon sharoitidagi inson huquqlari, ekologik huquqlar va iqlim o‘zgarishlari, shuningdek, gender tenglikka alohida e’tibor qaratilishi mumkinligi ta’kidlangan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

UzDaily.uz

“Dunyo” AA

Darakchi.uz

Powered by GSpeech