O‘zbekiston fuqarolikka ega emaslik holatlarini kamaytirish va tugatishga astoydil intilmoqda

19 sentyabr kuni Toshkent shahrida Fuqarolikka ega emaslik masalalari bo‘yicha tahliliy ma’ruza va Parlamentlararo Ittifoq hamda BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining parlament a’zolariga mo‘ljallangan fuqarolik va fuqarosizlik masalalariga oid yo‘riqnomasi o‘zbek tilidagi nashrining taqdimoti bo‘ldi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.

Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati a’zolari, Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili devoni, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari va boshqa hamkorlar ishtirok etdi.

Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Konsuelo Vidal Bryus, BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Xans Fridrix Shodder kirish so‘zi bilan ochdi.

Akademik A.Saidov ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston hukumati mamlakatimiz hududida fuqarolikka ega emaslik holatlarini kamaytirish va tugatish yo‘lida qat’iy qadamlar qo‘ymoqda. Mamlakatda 2014 yildan e’tiboran yuz ming nafardan ziyod shaxsning fuqarolikka ega emasligi aniqlangan bo‘lib, o‘tgan davrda shundan 83 ming 793 nafarining bu muammolari ijobiy hal etilgan”.

Shuni ham ta’kidlash joizki, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Uchinchi qo‘shma yillik rejasi doirasida O‘zbekistonning fuqarolik va fuqarolikka ega emaslik to‘g‘risidagi milliy qonunchiligi har tomonlama huquqiy tahlil qilindi. Shuningdek, qonunchilik bilan amaliyotni uyg‘unlashtirishga oid kelgusidagi chora-tadbirlar tavsiya etildi.

Fuqarolik va fuqarolikka ega emaslik bo‘yicha parlament a’zolariga mo‘ljallangan yo‘riqnoma – global nashr bo‘lib, unda fuqarolikka ega emaslik ko‘lamini qisqartirishga taalluqli amaliy qadamlar bayon etilgan. Nashrda uzoq muddatga cho‘zilgan fuqarosizlik vaziyatiga maqbul yechim topishda hukumatlar, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamjamiyatning birgalikdagi sa’y-harakatlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etganiga oid hayotiy misollar ham keltirilgan.

K.Vidal Bryus xonimning qayd etishicha, “Fuqarolikka ega emaslik holatlarini tugatish yo‘lidagi sa’y-harakatlar Barqaror taraqqiyot maqsadlari va uning “hech kimni ortda qoldirmaslik” degan asosiy prinsipiga mos keladi. Binobarin, bularning barchasi insonlarning integratsiyasi va himoyasini ta’minlashga qaratilgan”.

Fuqarolikka ega emaslik yoki muayyan shaxsning qaysidir mamlakat fuqarosi sifatida tan olinmasligi vaziyatini butun dunyoda millionlab insonlar o‘z boshidan kechirmoqda. Fuqarolikka ega emas va zarur hujjatlarsiz shaxslar asosiy huquqlari, jumladan, ta’lim olish, rasman ishga joylashish, tibbiy xizmat yoki nikohini rasmiylashtirish huquqlaridan ko‘pincha foydalana olmaydilar.

BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi 2014 yili fuqarolikka ega emaslik holatlarini tugatishga qaratilgan “#IBelong” global kampaniyasini boshlagan. Hozirga qadar O‘zbekiston fuqarolikka ega emas shaxslar huquqlarini ta’minlashda yaqqol natijalarga erishdi. O‘zbekistonning bu boradagi ulkan yutug‘i shundaki, mamlakatda 2020 yili fuqarolik to‘g‘risidagi qonun takomillashtirildi va tug‘ilish holatlarini ro‘yxatga olish amaliyotiga o‘zgartirishlar kiritildi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Universal davriy hisobotining 2018 yili bo‘lib o‘tgan 30-sessiyasida O‘zbekiston Hukumati 1954 yilgi Apatridlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiyaga va 1961 yilgi Fuqarolikka ega emaslik holatlarini kamaytirish to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilish yuzasidan bildirilgan tavsiyalarni ma’qulladi. Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda joriy haftada shaxsning fuqarolikka ega emaslik maqomini aniqlash tartib-taomillari hamda 1954 yilgi Konvensiyaning standartlari bo‘yicha texnik seminar o‘tkazadi.

 Shu haqda fikr yuritar ekan, “Biz 2024 yilgacha fuqarolikka ega emaslik holatlarini tugatishga qaratilgan #IBelong” kampaniyasi maqsadlariga erishish, jumladan, 1954 va 1961 yilgi Fuqarolikka ega emaslik holatlari to‘g‘risidagi konvensiyalarga qo‘shilish yuzasidan bildirilgan tavsiyalarni ma’qullashi borasida O‘zbekiston Respublikasini qo‘llab-quvvatlash ahdimizda avvalgidek sodiqmiz”, dedi janob X.Fridrix Shodder.

Ma’lumki, 2023 yil birinchi yarmiidagi holatga ko‘ra, O‘zbekistonda 25 ming 413 nafar fuqarolikka ega emas shaxs yashaydi. Bu – Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida eng katta ko‘rsatkich bo‘lib, ayni shaxslarning aksariyati sobiq Sovet ittifoqining sobiq fuqarolari va ularning avlodlari hisoblanadi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi 2020 yildan buyon BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Bunda Universal davriy hisobotning fuqarolikka ega emaslik holatlarini kamaytirish va tugatish hamda qochoqlarni himoya qilishga taalluqli tavsiyalarini bajarishda O‘zbekistonning mavjud salohiyatini rag‘batlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

UzDaily.uz

 Darakchi.uz

“Dunyo” AA

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

nuz.uz

Powered by GSpeech