16 – 20 oktyabr kunlari Samarqand shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi o‘tkazilishi kutilmoqda. Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta BMT oilasiga kiruvchi tashkilotning eng muhim tadbiri hisoblangan va ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan Bosh assambleyaga mezbonlik qilmoqda.
Tadbir 160 ga yaqin davlatdan turizm yo‘nalishida faoliyat yurituvchi davlat idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va turistik biznes vakillarini birlashtiradi.
Bugunga kelib, Saudiya Arabistoni, Albaniya, Ozarbayjon, Bagama, Baxreyn, Gvatemala, Gaiti, KotDivuar, Indoneziya, Monako, Niger, Panama, Portugaliya, Sierra Lione, Ukraina, Urugvay, Yaman kabi mamlakatlarning turizm idoralari rahbarlari Samarqandga kelishi kutilmoqda.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston keyingi 2023-2027 yillar uchun UNWTO Ijroya kengashining Vakolatlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zoligiga qabul qilindi. Bu UNWTO Ijroiya kengashi tomonidan qabul qilinadigan muhim qaror va hujjatlar, ularda a’zo davlatlar ishtirokining haqqoniyligi va tamoyillarga mosligini nazorat qilish vakolati O‘zbekistonga ishonib topshirilganligini bildiradi.
Mamlakatimizga xalqaro miqyosda bildirilgan bunday ishonch yurtimizning nafaqat jahon turizm bozoridagi pozitsiyasi mustahkamligini, balki xalqaro munosabatlardagi faoliyatining ham nechog‘li samarali ekanini namoyon qiladi.
Bosh Assambleyaning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish, madaniy va turizm salohiyatini targ‘ib qilishda yangi imkoniyatlarni taqdim etadi.
Bosh Assambleyaning 25-sessiyasi doirasida turizm sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari yalpi sessiyalar va boshqa qator keng miqyosli anjumanlarda muhokama qilinadi.
Jumladan UNWTO doirasida tashkillashtirilishi rejalashtirilayotgan Investitsiya forumi O‘zbekistonning barcha hududlaridagi investitsiyaviy salohiyati yuqori bo‘lgan ob’ektlar, hududlar, loyihalar yirik xorijiy investorlarga taqdim etilishi, yurtimizga faol maqsadli va manzilli investitsiyalar jalb etilishi bo‘yicha ko‘plab muhim biznes kelishuvlariga erishilishi ko‘zda tutilmoqda. Forum turizm sektoridagi imkoniyatlarni o‘rganish uchun global manfaatdor tomonlarni, sanoat rahbarlarini va investorlarni birlashtiradi hamda mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsion muhit hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etishning mustahkam huquqiy asoslarini namoyish etish, shuningdek ishtirokchilar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Investforumdagi asosiy sessiyalar davomida mamlakatimizning sarmoyaviy muhiti haqida jahon jamoatchiligida ijobiy fikrni shakllantirish, yirik xorijiy investorlarda O‘zbekistonga sarmoya kiritishga qiziqishni oshirish maqsadi ko‘zlangan. Tadbir yakuniga ko‘ra, mamlakatimizga kiritiladigan investitsiyalar ko‘lamini oshirish orqali barqaror rivojlanishga ko‘maklashish, yurtimizning sarmoyaviy salohiyatini yanada oshirish va global miqyosda sektorlar bo‘ylab hamkorlikni kuchaytirishga erishish kutilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning boy madaniy merosi va tabiiy resurslarini saqlab qolgan holda, mamlkatimizning iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shadigan investitsiyalarni jalb qilish ko‘zlanmoqda.
Bosh Assambleya doirasida o‘tkazilishi kutilayotgan Ta’lim forumi turizm sohasidagi ta’limning bugungi kundagi holatini namoyon etish, malaka oshirish va barcha uchun inklyuziv imkoniyatlar yaratishga sarmoya kiritish naqadar muhim ekanini namoyon qiladi.
Tadbirda UNWTO tomonidan o‘rta, oliy va boshqaruvchi ta’lim bo‘yicha yetakchi akademik hamkorlar bilan ishlab chiqilgan qo‘shimcha tashabbuslar, innovatsion ta’lim vositalari to‘plami, Xalqaro barqaror turizm bo‘yicha yangi fanlar bo‘yicha o‘qitish har bir sohadagi so‘nggi yutuqlar namoyish etiladi. Forumning keng qamrovli dasturi manfaatdor tomonlar, siyosatchilar, professorlar va sanoat rahbarlarini jamoaviy harakatlarga ilhomlantirish va safarbar etishga intiladi.
Bundan tashqari, tadbir doirasida UNWTO tomonidan yilning eng yaxshi sayyohlik qishloqlari (Best Tourism Villages) e’lon qilinadi. Buning uchun hududning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan barqarorligini ta’minlashga qaratilgan, aholining an’anaviy hayot tarzi va qadriyatlarini saqlab qolgan holda, taraqqiyot va farovonlikni ta’minlaydigan ilg‘or turizm sohalariga ega butun dunyodagi turizm qishloqlari tanlab olinadi. Mazkur tanlovda mamlakatimizdan ham qator qishloqlar ishtirok etayotgani barchamiz uchun quvonarli.
Butunjahon Turizm Tashkiloti (YuNVTO) Bosh Assambleyasi 25-yubiley sessiyasining qadimiy Samarqand shahrida o‘tkazilishi mamlakatimizning madaniy, turizm, investitsiya va intellektual salohiyatini dunyoga tanitishi barobarida, jahon hamjamiyati bilan olib boriladigan savdo-iqtisodiy, turizm va madaniy sohalardagi xalqaro aloqalarining yanada mustahkalanishi yo‘lida xizmat qiladi.
- Qo'shildi: 26.09.2023
- Ko'rishlar: 3145
- Chop etish