23 oktyabr kuni Toshkent shahrida «Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari» mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tadi. Ushbu jahon anjumani Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Inson huquqlari bo‘yicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligiga bag‘ishlanadi.
Bo‘lajak Toshkent xalqaro forumining asosiy milliy tashkilotchisi – O‘zbekiston Hukumati nomidan – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hisoblanadi. Mamlakatimizdagi barcha yoshlar tashkilotlari xalqaro anjumanga faol jalb etilmoqda.
Xalqaro forumni tashkil etishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert fondi va boshqa xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borildi.
Onlayn va oflayn tarzda o‘tkaziladigan Forumda milliy va xorijiy ekspertlar, yoshlar tashkilotlari yetakchilari, yoshlar parlamentlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari qatnashadi.
Xalqaro forumda yoshlar huquqlari sohasidagi yangi sa’y-harakatlar va ilg‘or tashabbuslar uchun istiqbolda mustahkam tagzamin vazifasini o‘taydigan asosiy natijalar va amaliy tavsiyalar o‘z mujassamini topadigan yakuniy hujjat – Markaziy Osiyo yoshlari deklaratsiyasi ishlab chiqilishi va qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 19.10.2023
- Ko'rishlar: 3172
- Chop etish