YANGI O‘ZBEKISTON KONSTITUTSIYASI:
INSON HUQUQLARI HIMOYASI VA BAG‘RIKENGLIK MUHITI
Inson huquqlari sohasidagi ustuvor vazifalar
Bu yil xalqaro hamjamiyat Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlamoqda. Yangi O‘zbekistonda siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarda inson huquqlari asosiy o‘rinni egallaydi. O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha harakatga chaqiruvini qo‘llab-quvvatlaydi. “O‘zbekiston-2030” strategiyasi BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keladi va “Hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini ta’minlashga qaratilgan.
2023 yil aprel oyida ilk bor konstitutsiyaviy referendum o‘tkazildi, uning tamal toshi inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, inson qadr-qimmatini himoya qilishdan iborat bo‘ldi. Konstitutsiyamizda inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning teng huquqliligi tamoyillariga sodiqlik o‘z tasdig‘ini topgan.
Joriy yil iyul oyida milliy qonunchilik va xalqaro saylov standartlariga muvofiq tashkil etilgan navbatdan tashqari Prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Bir qator xalqaro tashkilotlar, jumladan YeXHT, IHT, MDH, TDT, Yevropa parlamenti va boshqa tashkilotlarning uzoq muddatli missiyalari butun saylov jarayonini kuzatdilar.
Biz BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirmoqdamiz. Oxirgi 3 yil ichida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
- O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi, nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha huquqiy va ma’muriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
- 2023 yil oktyabr oyida yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tdi va Yoshlar huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo deklaratsiyasi qabul qilindi.
- O‘zbekistonda bolalar mehnatidan butunlay voz kechildi va majburiy mehnatga barham berish sohasida sezilarli natijalarga erishildi. Xalqaro tashkilotlar (XMT, Jahon banki, «Kotton kampeyn») paxta kampaniyasi davrida bolalar mehnatiga barham berilganini ijobiy qayd etdi. Yangilangan Konstitutsiyada bolalar mehnati va majburiy mehnatni taqiqlash kafolatlangan va bunday harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
- Mamlakatimizda 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi faol amalga oshirilmoqda. 2023 yil mart oyida ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi muhim qonun qabul qilindi. Oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilmoqda, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Ushbu qonun keng xalqaro, jumladan, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
- O‘zbekiston qiynoq qo‘llanilishini ochiqchasiga qoralaydi. Mamlakat Prezidenti o‘z nutqlarida qiynoqlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, shuningdek, qiynoqlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’kidladi. Qiynoqlar va zo‘ravonlikning boshqa turlari Konstitutsiya va qonunlar darajasida taqiqlangan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ustav organlari va shartnoma qo‘mitalari tavsiyalariga ko‘ra, “Ombudsman plyus” modeli asosida qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizmi yaratildi. Bolalar Ombudsmani, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va Biznes-ombudsmanga jazoni ijro etish muassasalarini monitoring qilish vakolati ham berilgan. Fuqarolik kodeksiga qiynoqlardan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritildi, bu esa qiynoqlardan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beradi.
- O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon dasturida faol ishtirok etmoqda. Mamlakatda Inson huquqlari bo‘yicha milliy ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda. Kasb-hunar va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv va maxsus kurslari joriy etilmoqda. Imkoniyati cheklangan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslari ochilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha qator qo‘llanma va risolalar doimiy ravishda chop etilmoqda, Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim elektron platformasi ishga tushirildi.
- Oxirgi qisqa davr mobaynida biz BMTning inson huquqlari bo‘yicha tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikda sezilarli yutuqlarga erishdik. Shu yilning mart oyida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari F.Tyurkning tashrifi bo‘lib o‘tdi. Biz Inson huquqlari bo‘yicha kengashning barcha mandat egalariga mamlakatimizga tashrif buyurish uchun doimiy taklifnoma yubordik. BMT maxsus ma’ruzachilarining din va e’tiqod erkinligi, sudyalar va advokatlarning mustaqilligi, shuningdek terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini himoya qilish kabi masalalar bo‘yicha tavsiyalarini inobatga olganmiz.
O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlariga sodiqdir. Shu bilan birga, biz bu yo‘lning boshida turganimizni tushunamiz va xalqaro hamkorlarimizning ko‘magiga ishonamiz.
Dinlararo bag‘rikenglik
Din insoniyatning umumiy tarixida va zamonaviy jamiyatlarda muhim o‘rin tutadi. Din odamlarni birlashtira oladi, lekin ko‘pincha buning aksini qildi, ularni qarama-qarshi tomonlarga ajratdi, ularning har biri o‘z tomonini muqaddas deb hisobladi. Diniy erkinlikning yetakchi asoschilari Virjiniya shtatining ikki fuqarosi, AQSh prezidentlari Tomas Jefferson hamda Jeyms Medison ekanini bilamiz. Bugungi kunda “Virjiniya diniy erkinlik to‘g‘risidagi statuti” diniy erkinlikni rivojlantirishda asosiy rol o‘ynaydi.
Din va e’tiqod erkinligi huquqi har bir insonning asosiy huquqidir. Umumjahon inson huquqi sifatida din yoki e’tiqod erkinligi xilma-xillikka hurmatni ta’minlaydi. Uning erkin faoliyat yuritishi bevosita demokratiya, taraqqiyot, qonun ustuvorligi, tinchlik va barqarorlikka xizmat qiladi. Din yoki e’tiqod erkinligini buzish murosasizlikni kuchaytirishi mumkin va ko‘pincha potensial zo‘ravonlik va mojaroning dastlabki belgilaridir.
Dinning jamoat kun tartibini shakllantirishdagi roli va davlatlarning barcha odamlarning inson huquqlarini himoya qilish borasidagi majburiyatlari xalqaro munosabatlar va milliy siyosatning tobora muhim jihatlariga aylanib bormoqda. Ko‘p madaniyatli demokratik jamiyatlar yoki davlatlar Konstitutsiyasida “dunyoviylik” tamoyili mustahkamlab qo‘yilgan mamlakatlarda ijtimoiy sohada betaraflik masalasi siyosiy munozaralarda, sud-huquq siyosati va insonlarning kundalik hayotida markaziy o‘ringa ko‘tarilgan.
Bu albatta bir vaqtning o‘zida turli institutsional doiralarda diniy plyuralizmga javob berish va din bilan davlat o‘rtasidagi munosabatlar modellarini inson huquqlariga zid bo‘lmagan tarzda moslashtirish zarurati bilan chambarchas bog‘liq.
Dunyoviylik bugungi O‘zbekistonning tayanchidir. Ma’naviyat har bir insonning shaxsiy ishi bo‘lsa, dunyoviylik barchamizga tegishli. O‘zbekistonda dunyoviylik deganda dinga e’tiqod qiluvchi yoki e’tiqodsiz bo‘lish erkinligi, jamoat tartibi ta’minlangan taqdirda o‘z diniy marosimlarini bajarish imkoniyati tushuniladi. Dunyoviylik davlatning betaraf pozitsiyasida yotadi va hech qanday tarzda jamiyat va jamoat maydonida dinlarni yo‘q qilishni anglatmaydi.
Globallashuv va mintaqaviylashuvning turli jarayonlari qamrab olgan bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoda dunyoviy davlat modaga hurmat emas, balki ko‘p konfessiyali jamiyatning qulay yashashi hamda davlat va diniy birlashmalar o‘rtasidagi samarali hamkorlikning asosiy shartidir. Bundan ko‘zlangan umumiy maqsad –fuqarolar uchun yaxshi yashash sharoitlarini yaratish, shuningdek, munosib, yuqori turmush darajasini saqlab qolishdan iborat.
Din jamiyat, davlat va har bir shaxsning individual rivojlanishiga ta’sir etuvchi muhim omillardan biridir.Diniy erkinlik sohasidagi islohotlar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy islohotlarning uzviy qismidir.
2019 yildan buyon biz xalqaro hamkorlar va fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, diniy konfessiyalar va diniy tashkilotlar bilan vijdon erkinligi masalalari bo‘yicha 30 ta onlayn va oflayn uchrashuv o‘tkazdik. Jahoning diniy yetakchilarining O‘zbekistonga tashriflari yaxshi an’anaga aylangan. 2022 yil may oyida Buxoro shahrida “Deklaratsiyalar muloqoti” mavzusida halqaro forum tashkil qilindi.
So‘nggi 3 yilda yangi qonunga muvofiq 48 ta diniy tashkilot adliya organlarida ro‘yxatga olinib, ularning umumiy soni 2,3 mingdan ortiq diniy tashkilotga yetdi.
Mamlakatimizda diniy erkinlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatda turli konfessiyalar va turli etnik guruhlar birgalikda yashashining ko‘p asrlik tarixiy tajribasi to‘plangan. Qadim zamonlardan beri yurtimiz hududida ko‘p ming yillar davomida turli din va e’tiqodlar yonma-yon yashab kelgan.
Mamlakatimizda an’anaviy bo‘lmagan e’tiqodlar vakillari o‘rtasida hech qachon ziddiyatlar bo‘lmagan. Bunday dinlararo bag‘rikenglik bizga ajdodlardan qolgan merosgina emas, balki bugungi kunda amal qilayotgan urf-odat va an’analarimizning ham asosi hisoblanadi.
O‘zbekistonda diniy erkinlik, e’tiqod va xavfsizlik masalalari bir-biridan alohida ko‘rib chiqilmaydi. Bayrut deklaratsiyasi va unda o‘z aksini topgan “Inson huquqlari uchun e’tiqod”ga oid 18 ta majburiyatga taalluqli qoidalarni qo‘llab-quvvatlagan holda, xalqimiz referendumda yangilangan Konstitutsiyani qabul qildi. Unda Yangi O‘zbekistonning “besh tayanchi”, ya’ni O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani (1-modda) ta’kidlanib, mamlakat kelajagi belgilab berildi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida har kimning vijdon erkinligi kafolatlangan, har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi (35-modda).
Dunyoviylik va vijdon erkinligi tamoyillariga asoslanib, yangilangan Konstitutsiyada tenglik, har bir insonga teng hurmat, vijdon erkinligi kafolatlandi, davlat diniy ishlarga aralashmasligi, ya’ni din va davlatning bir-biridan ajratilganligi mustahkamlandi (75-modda).
Mamlakatimizda millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, hamma uchun vijdon erkinligi amal qilishi, barcha diniy e’tiqod konfessiyalarining erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, barcha millatlar va elatlar hamda turli din vakillarining tinch-totuv yashashini ta’minlash siyosati izchil davom ettiriladi. Biz yangilangan Konstitutsiyada dinlararo va millatlararo totuvlik zarurligini yana bir bor ta’kidladik. Bunday totuvlik har doim, ayniqsa, hozirgi paytda juda muhimdir.
Bizning rang-barang dunyomizda bag‘rikenglik va kamsitmaslik tushunchalari nafaqat ideal (istak-intilish), balki zarurat hamdir. O‘zbekistonda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri – bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, jamiyatda millatlararo, konfessiyalararo va fuqarolararo totuvlikni mustahkamlashdir.
Millatlararo va konfessiyalararo totuvlik “O‘zbekiston-2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasi hayotga tatbiq etilmoqda. O‘zbekistonda teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar, 12 tilda efirga uzatiladi, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tilda nashr etiladi. Mamlakatdagi umumta’lim maktablarining qariyb 20 foizida ta’lim 7 tilda olib boriladi.
O‘zbekiston 2019 yildan buyon qurolli to‘qnashuv zonalaridan vatandoshlarni qaytarish bo‘yicha beshta “Mehr” gumanitar amaliyotini amalga oshirdi. Natijada Suriya, Iroq va Afg‘onistondan 531 kishi, asosan ayollar (121 kishi) va bolalar (379 kishi) vataniga qaytarildi.
2023 yil iyun oyida BMT bosh qarorgohida xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonga qaytib, yangi hayot boshlagan repatriantlarning bu haqdagi hikoyalarini bevosita eshitishi imkoniga ega bo‘ldi.
Xalqaro huquq va xalqaro sheriklar bilan hamkorlik tamoyillariga asoslangan vatandoshlarni repatriatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston modeli dunyo miqyosida repatriatsiya qilish, bolaning eng maqbul manfaatlarini ta’minlash va mojaro hududlaridan qaytgan ayollarni to‘liq reintegratsiya qilish bo‘yicha ilg‘or tajriba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 06.11.2023
- Ko'rishlar: 4063
- Chop etish