Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong – 2023 yilda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani haqida avval xabar berilgandi. O‘zbekistonning do‘sti va yaqin hamkori ushbu mukofotga inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun sazovor bo‘ldi.
Mamlakatimiz delegatsiyasining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligi tantanalariga bag‘ishlangan rasmiy-madaniy tadbirlarda ishtirok etish uchun joriy yil 10-12 dekabr kunlari Shveysariyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi bilan ham uchrashuv bo‘ldi. O‘zaro muloqot asnosida delegatsiya rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov mukofotni egasiga tantanali ravishda topshirdi.
M.Chungong o‘zi rahbarlik qilayotgan xalqaro tashkilot faoliyatida, shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma tadbirlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasida O‘zbekiston parlamentining o‘rni alohida ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga o‘z minnatdorchiligini izhor etdi.
Muloqot asnosida BMT Bosh Assambleyasi 2022 yil 14 dekabrda qabul qilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiya ham aynan O‘zbekiston tashabbusi samarasi ekani yana bir bor e’tirof etildi. Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibining fikricha, O‘zbekiston ijtimoiy himoya va gender tenglikni ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, aholining ta’lim darajasini oshirish hamda yoshlar bilan ishlash sohalarida beqiyos tajribaga ega.
Suhbat yakunida M.Chungong Parlamentlararo Ittifoqning 2025 yilga belgilangan 150-Assambleyasini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgani uchun mamlakatimiz parlamentiga minnatdorchilik bildirdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
«Xalq so‘zi» gazetasining 2023 yil 16 dekabr kungi 268 (8611)-soni
- Qo'shildi: 15.12.2023
- Ko'rishlar: 2688
- Chop etish