O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha kengash tavsiyalarini izchil bajarmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasida O‘zbekiston Universal davriy sharh doirasida mazkur Kengash tavsiyalarini maqbul darajada bajarib kelayotgan davlat sifatida e’tirof etildi. Shu munosabat bilan 25-mart kuni Jeneva shahrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan mamlakatimizning BMT huzuridagi Jenevada joylashgan vakolatxonasi va «UPR-Info» xalqaro nohukumat tashkiloti bilan hamkorlikda ayni mavzuda tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Ozarbayjon, Irlandiya, Qirg‘iziston, Litva, Lyuksemburg, Niderlandiya, Birlashgan Arab Amirliklari, AQSH, Serra-Leona, Fransiya va Shveysariyaning BMT huzuridagi Jenevada joylashgan doimiy vakillari, shuningdek, YUNFPA, BMTTD kabi xalqaro tashkilotlar hamda “Justice for all international” xalqaro nohukumat tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi prezidenti, elchi Omar Zniber tadbir ishtirokchilarini qutladi. Oflayn va onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan ushbu muloqotga «UPR-Info» nohukumat tashkiloti Ijrochi direktori Mona M’Bikay moderatorlik qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov mazkur tadbirda onlayn ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Ma’lumki, 2023-yil noyabr oyida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy sharh bo‘yicha ishchi guruhi O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqdi.  Mamlakatimiz vakili bu boradagi amaliy hamkorlik va foydali tavsiyalar uchun BMT Kengashiga a’zo davlatlar va BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasiga minnatdorchilik bildirdi.

A.Saidov «UPR-Info» xalqaro nohukumat tashkiloti O‘zbekistonning Milliy ma’ruzasini tayyorlash jarayonida delegatsiyamiz a’zolarini samimiyat va ishchanlik bilan qo‘llab-quvvatlaganini e’tirof etdi. Shu munosabat bilan ushbu xalqaro NNT rahbariyati va faollariga tashakkur izhor etildi.

O‘zbekiston hamkor davlatlar, boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasida inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni almashishning o‘ziga xos mexanizmi sifatida Universal davriy sharh jarayoniga to‘liq sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi. Biz Universal davriy sharh majburiyatlari hukumatlar tomonidan ixtiyoriy ravishda qabul qilinishini va yaxshi niyat tamoyili sifatida milliy darajada amalga oshirilishi misolida uni hurmat qilish kerakligini e’tirof etamiz.

Mamlakatimiz Universal davriy sharh tavsiyalarini ko‘rib chiqishga har doim ijobiy yondashib kelmoqda. Chunki Universal davriy sharh amaliy jarayon bo‘lib, uning yordamida har bir davlat inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashi, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish bo‘yicha amalga oshirgan sa’y-harakatlari samaralarini yuksak minbardan ochiq e’lon qilishi mumkin.

Yanada muhimi, Universal davriy sharh doirasidagi izchil faoliyat asnosida inson huquqlari sohasidagi ilg‘or tajribalar namunalari butun dunyo bo‘ylab baham ko‘riladi. Hozirgi vaqtda ayni yo‘nalishda global ko‘lamdagi shunga o‘xshash boshqa samarador universal mexanizmlar mavjud emas.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy sharh bo‘yicha ishchi guruhi 2023-yil noyabr oyida O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqishi chog‘ida 80 dan ortiq davlatdan 234 ta tavsiya bildirildi. E’tiborli jihati shundaki, mamlakatimiz Universal davriy sharh tavsiyalarini bajarishga hamisha katta ahamiyat beradi.

Bugungi kunda O‘zbekiston ham o‘z hukumati, parlamenti, advokatura va fuqarolik jamiyatining o‘zaro bog‘liq rollarining to‘g‘ri ishlashi zarurligini tasdiqlagan holda, Universal davriy sharh doirasida o‘z milliy ma’ruzalarining ko‘rib chiqilishi yuzasidan bildirilgan tavsiyalarni maqbul tarzda bajarish uchun barcha manfaatdor tomonlar bilan faol hamkorlikda ish olib bormoqda.

O‘zbekiston milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga moslashtirish borasida o‘z majburiyatlarida sobitdir. Yangi O‘zbekiston o‘z hayotining siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy jabhalariga ta’sir ko‘rsatuvchi shiddatli islohotlari zamirida inson huquqlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi, deb ta’kidladi pirovardida A.Saidov.

Tadbirda, shuningdek, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Konsuelo Vidal Bryus va BMT Taraqqiyot dasturining Jenevadagi ofisi direktori Agi Veresning ma’ruzalari tinglandi. Muhokamalarda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi rahbari Matilda Bogner, shuningdek, Fransiya, Serra-Leona va Qirg‘izistonning BMT huzuridagi Jenevada joylashgan doimiy vakillari so‘zga chiqdi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonning Universal davriy sharh doirasidagi birinchi milliy ma’ruzasi 2009-yil 11-martda va to‘rtinchi milliy ma’ruzasi 2023-yil 8-noyabrda ko‘rib chiqilgan. Agar O‘zbekiston 2005-yilda Universal davriy sharh doirasida faoliyat olib borish uchun asos yaratishga yordam berganligi inobatga olinsa, mamlakatimiz bu borada 18-yildan ortiq amaliy tajribaga ega ekanligi yaqqol ayon bo‘ladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

UzDaily.uz

"Dunyo" AA

Darakchi.uz

Powered by GSpeech