EKOLOGIYA VA INSON HUQUQLARI HIMOYASI YO‘LIDA
(«Avtomobilsiz kun» jamoatchilik loyihasi ishtirokchisining o‘ylari)
29-mart kuni Toshkent shahrida «Avtomobilsiz kun» jamoatchilik loyihasi o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevralda qabul qilingan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni doirasida endilikda jamoat transporti, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari barcha avtomobillar harakatlanishini qisqartirishga qaratilgan ushbu loyiha poytaxtimizda har oyning bir ish kuni davomida amalga oshiriladi.
Davlatimiz rahbari keng jamoatchilik vakillari va ekofaollarning avtomobillar chiqindi gazlarining ekologiyaga zararli ta’sirini kamaytirish maqsadiga xizmat qiladigan ayni taklifini astoydil ma’qullagani bejiz emas. Chunki bugungi kunda sayyoraviy ko‘lamdagi uchta tahdid – iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitning ifloslanishi va tabiatning buzilishi butun xalqaro hamjamiyatni tashvishga solmoqda.
Ekologik tahdidlar, bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z tarixida ilk bor 2021-yilda musaffo, sog‘lom va barqaror atrof muhit – bu inson huquqlarining uzviy qismi, deb e’tirof etgani hamda bu sohada Maxsus ma’ruzachi maqomini ta’sis qilgani xuddi shu omillar bilan chambarchas bog‘liq.
Ma’lumki, COVID-19 pandemiyasi dunyo davlatlarining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi ko‘p tomonlama shartnoma va bitimlar, jumladan, BMTning 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari, Parij bitimi kabi o‘zaro kelishuvlarda zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishiga jiddiy xalal berdi. Aksariyat mamlakatlarda ushbu yo‘nalishdagi vazifalarning moliyalashtirilishi va bajarilishi zarur darajada ta’minlanmasdan qoldi.
Ona zaminimizning suv zaxiralarini o‘ylovsizlik va isrofgarchilik bilan sarflash, tabiat va bioxilma-xillikka muntazam ziyon-zahmat yetkazish, Yer va koinotni chiqindixonaga aylantirish, ana shu salbiy jarayonlar asnosida kutilajak turli ofatlarga qarshi kurash imkoniyatlarining cheklanishiga bevosita sababchi bo‘lish – bularning barchasi insoniyat boshiga yangidan yangi balolar yog‘dirmoqda. Boz ustiga ekologik ofatlar mavjud tahdidu xatarlarning yanada kuchayishiga turtki bo‘lmoqda.
BMT Universiteti hamda Atrof-muhit va inson xavfsizligi institutining «2023-yildagi tabiiy ofatlarning o‘zaro bog‘liqlikdagi xatarlari» nomli ma’ruzasida shu haqda so‘z borgan. Hisobotda sayyoramizda istiqomat qilayotgan jami insonlarning hayotiga halokatli ta’sir ko‘rsatadigan global xatarlarning o‘zaro uyg‘un oltita omili sanab o‘tilgan. Bular:
-
bioxilma-xillik barham topishining tezlashishi;
-
shu bilan bog‘liq holda ekotizimning izdan chiqishi;
-
yer osti suvlarining keskin pasayishi oqibatida suv zaxiralarining kamayib ketishi;
-
tog‘ muzliklarining erishi;
-
koinotda chiqindilarning ko‘payishi;
-
ob-havoning haddan ortiq isib ketishi.
Ushbu salbiy omillarning o‘zaro omuxtaligida yuzaga kelayotgan iqlim inqirozi va turli ekologik ofatlarning oqibatlaridan har bir inson aziyat chekmoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi uchun eng kam javobgar insonlar – bolalar eng ko‘p jabr ko‘rmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, davlatlar oldiga BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga bolalarning ekologik huquqlarini himoya qilish borasidagi yutuqlari haqida vaqti-vaqti bilan hisobot berish talabi qo‘yilgani bejiz emas. Zero, har bir hukumat sayyoramizning har qanday burchagidagi har qaysi bolaning huquqlarini, ayniqsa, bu muammo yechimiga eng kam hissa qo‘shayotgan, lekin eng xavfli suv toshqinlari, qurg‘oqchilik va bo‘ronlardan aziyat chekayotgan mamlakatlarda yashovchi o‘g‘il-qizlarning huquqlarini himoya qilishga mas’uldir.
Markaziy Osiyo mintaqasi ham iqlim o‘zgarishlari va ekstremal ob-havo hodisalari oldida zaif ekani sezildi. Hozirgi vaqtda mintaqa mamlakatlarida kuzatilayotgan suv taqchilligi ekinlarni sug‘orish imkoniyatlarini cheklamoqda.
Binobarin, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, atrof muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni asrab-avaylash ishlariga muntazam e’tibor qaratilayotgani juda muhim. Mamlakatimiz 2017-yil 19-aprelda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Parij bitimini imzolagan. Hozirgi vaqtda Parij bitimini imzolagan mamlakatlarning 180 tasi mazkur hujjat ishtirokchisi hisoblanadi.
Iqlim bo‘yicha ilk global bitim hisoblanuvchi 2015-yil 12-dekabrda qabul qilingan Parij bitimi O‘zbekiston uchun qator imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslarini jalb qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yer-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, salbiy ekologik oqibatlarga qarshi kurashish shular jumlasidandir.
Mazkur hujjat global isishning oldini olish uchun global harakat rejasini belgilab beradi. Bitim tabiiy yoqilg‘ilardan butunlay voz kechishni nazarda tutmaydi, albatta. Biroq barcha mamlakatlardan havoni ifloslantirishni kamaytirishi, texnologik qayta qurollanish va iqlim o‘zgarishiga moslashish kerakligi so‘raladi. Bundan tashqari, energiya quvvatlarini yetkazib berish ham asta-sekin qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tilishi lozim.
Shuningdek, O‘zbekiston Bolalar, yoshlar hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish harakatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga qo‘shilgan. Bu muhim qadam mamlakatimiz bolalarning tom ma’noda hayoti uchun, yorqin kelajagi uchun kurashishga sodiqligining belgisidir.
Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlariga daxldor bir qancha yangi tashabbuslarni ilgari surganligini alohida ta’kidlash lozim. Ayni vaqtda xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalardagi ushbu tashabbuslar izchillik bilan ro‘yobga chiqarilmoqda.
Mamlakatimizda BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e’lon qilish bo‘yicha rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Jahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish bilan bog‘liq ishlar davom ettirilmoqda.
Davlatimiz va jamiyatimiz ekologik muammolarni hal etishda dunyo hamjamiyatining kuch va imkoniyatlarini birlashtirish, sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtirish, global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish zarur deb hisoblaydi. Shu bois Prezidentimizning bu boradagi izchil siyosati asosida:
birinchidan, jamiyatimizda, ayniqsa, mahallalarda tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish madaniyatini shakllantirishni umummilliy amaliy harakatga aylantirish;
ikkinchidan, ekologiya va atrof-muhitni asrash bo‘yicha sa’y-harakatlarni, xususan, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni kuchaytirish;
uchinchidan, suv solig‘i bo‘yicha tushumlarning bir qismini tumanlarda sug‘orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yo‘naltirish;
to‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni qat’iy davom ettirish, sohaga yangi innovatsion agrotexnologiyalarni keng joriy etish, yaratilayotgan yangi dehqon xo‘jaliklarini haqiqiy yer egasiga aylantirish borasida jadal ishlar olib borilmoqda.
Yanada muhimi, ekologiya sohasining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablar mustahkamlandi.
Asosiy qonunimiz Muqaddimasida e’tirof etilganidek, biz «mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib», ushbu Konstitutsiyani qabul qilganmiz.
Bosh qomusimizning 49-moddasi to‘laligicha ekologiya va atrof-muhit himoyasiga oid normalardan iborat. Xususan, ushbu moddaning birinchi bandida: «Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega», deb qayd etilgan.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonning uchta strategik dasturi – 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ishlab chiqildi. Birinchisi to‘la bajarilgan va qolgan ikkitasi hayotga teran tatbiq etilayotgan ushbu dasturilamal strategiyalarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga har doimgidan ko‘ra yuz karra ko‘proq e’tibor berilgan.
Qolaversa, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida Ekologiya kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safi 2021-yilda “Ekologiya huquqi himoyachisi” nominatsiyasi g‘oliblari hisobiga kengaydi.
Xulosa o‘rnida yana “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi mavzusiga qaytamiz. Shu vaqtga qadar dunyoning 2 mingtadan ziyod yirik shaharlarida ommalashgan mazkur tashabbus barcha davlat tashkilotlari qatori Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi jamoasi tomonidan ham qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.
Shu kuni Milliy markaz rahbariyati va xodimlari davlat transporti xizmatidan va shaxsiy avtomobillar imkoniyatidan voz kechgan holda, ishga kelib-ketishda jamoat transportidan foydalandilar. Hamkasblarimiz orasida velosiped haydab va hatto yayov ishga kelganlar ham bor. Bu, o‘z navbatida, jamoamizda sog‘lom turmush tarziga e’tibor to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan ham dalolatdir.
Darvoqe, Milliy markaz binosida texnik jihatdan zamonaviy jihozlangan qulay va shinam sportzal ishlab turibdi. Bu yerda ish orasidagi kichik tanaffuslarda jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoitlar muhayyo etilgan.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 29.03.2024
- Ko'rishlar: 1828
- Chop etish