29-mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonuniylikka rioya etilishi holati yuzasidan aholi bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 10-dekabrdagi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Uchrashuv Ohangaron shahrining 2-sektorida bo‘lib o‘tdi. Unda IIB, adliya, sog‘liqni saqlash, oila va xotin-qizlar bo‘limlari, mahalla fuqarolik yig‘inlari, boshqa davlat tashkilotlari mas’ul xodimlari va fuqarolik jamiyati institutlari faollari hamda 20 nafardan ortiq fuqaro qatnashdi.
Ishtirokchilar bilan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilik mavzusida samimiy suhbatlashildi. Qonunlar ijrosini ta’minlash va nazorat qilishga mas’ul idoralar, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati bo‘yicha atroflicha ma’lumot taqdim etildi.
Shundan so‘ng fuqarolar bilan sayyor qabul tashkil etildi. Bir necha fuqarolarning turli masalalar bo‘yicha murojaatlari yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.
– Bunday yuzma-yuz va jonli muloqotlar asnosida fuqarolarimizdan murojaatlarni qabul qilish bilan bir qatorda, o‘z muammolariga yechim topilgani uchun ularning mas’ul idoralarga minnatdorchilik izhorlarini ham tez-tez eshitib turamiz, – dedi Milliy markaz Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Otabek Norboyev. – Bu, shubhasiz, joylarda fuqarolar bilan tashkil etilayotgan uchrashuv va sayyor qabullar yurtdoshlarimizga maqbul bo‘layotganini, yanada muhimi, ularning hayotiy muammolarini hal etishda muayyan rol o‘ynayotganligini amalda tasdiqlaydi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.03.2024
- Ko'rishlar: 1723
- Chop etish