Majlisda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda

Majlisda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi nogironligi bor shaxslarning huquqlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, unda bir qator normalar aks etmoqda. Jumladan, loyihada BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq “muomala” va “oqilona moslashtirish” kabi tushunchalar kiritilib, ularga ta’rif berilmoqda.

Shuningdek, mazkur qonunning 30-moddasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanish huquqiga oid norma bilan to‘ldirilmoqda. Bundan tashqari, ularning boshqalar bilan teng ravishda jamiyat va davlat siyosiy hayotida bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish borasidagi huquqlari kafolatlanmoqda.

Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasida taklif etilayotgan yangi normalar nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini yanada mustahkamlashga hamda ushbu sohadagi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Qizg‘in muhokamalar va bahs-munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shu bilan birga, loyihani yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech