Joriy yilning 5-aprel kuni Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) hamda fuqarolik jamiyati vakillari hamkorligida “O‘zbekistonda 2023-yilgi paxta yig‘im-terimi davrida nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillarining mehnat sharoitlari, jumladan bolalar va majburiy mehnat monitoringi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda milliy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda ijtimoiy-mehnat munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, fuqarolik jamiyati institutlari va Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Eng avvalo sohaning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy asoslari mustahkamlandi, xalqaro standartlar joriy etildi, qishloq xo‘jaligi isloh qilindi. Keyingi yillarda mazkur yo‘nalishda 40 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, XMTning qator xalqaro konvensiya va bayonnomalari ratifikatsiya qilindi.
Davra suhbati ishtirokchilari ushbu jarayonlarda institutsional asoslarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilganini qayd etib, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya faoliyatiga to‘xtaldilar. Yana bir muhim jihat – bu ishda fuqarolik jamiyati vakillari faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, tegishli Milliy ma’ruzachi instituti ta’sis etilgan bo‘lib, bu milliy va mahalliy darajada har tomonlama va samarali ishlash imkonini beradi.
Ma’lumki, 2015-yildan boshlab Xalqaro mehnat tashkiloti paxta sektorida bolalar va majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha “Uchinchi tomon monitoringi”ni o‘tkazib keldi. Uning natijalariga ko‘ra, so‘nggi yillarda tizimli majburiy mehnatning yo‘qligi qayd etilgandi.
Xalqaro mehnat tashkiloti monitoring ishlari bo‘yicha asosiy funksiyani O‘zbekiston tomoniga o‘tkazgandan keyin Xalqaro mehnat tashkiloti metodologiyasi asosida fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida paxtachilik sohasida monitoring o‘tkazilyapti.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Xalqaro mehnat tashkiloti uchinchi tomon monitoringidan tashqari O‘zbekiston kasaba uyushmalari milliy monitoringi, Mehnat inspeksiyasi monitoringi hamda parlament nazorati ham yo‘lga qo‘yilgan.
2023-yil yakunlari bo‘yicha paxtachilikda o‘tkazilgan milliy monitoring va parlament nazorati davomida bolalar va majburiy mehnat holatlari aniqlanmagan.
Tadbirda 2023-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan mustaqil monitoring natijalari e’lon qilindi.
Ushbu monitoring Xalqaro mehnat tashkiloti metodologiyasi asosida fuqarolik jamiyati faollari tomonidan o‘tkazildi. Monitoring natijalari yig‘im-terim ishlarida majburiy mehnat va bolalar mehnati holatlari aniqlanmaganligini, shuningdek, unda ishtirok etganlar umuman majburiy mehnatga jalb qilinmaganligi e’lon qilindi. 2022-yilda ushbu ko‘rsatkich 0,24 foizni, 2021-yilda 1 foizni, monitoring ishlari boshlangan 2015-yilda esa 14 foizni tashkil qilgan.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surishni davom ettirish yuzasidan yangi qo‘shma choralar ishlab chiqishga kelishib olindi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 05.04.2024
- Ko'rishlar: 2025
- Chop etish