17-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuda o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi. Unda Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakultetining 40 nafar talabasi ishtirok etdi. Sayyor mashg‘ulot Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturiga muvofiq o‘tkazildi. Bo‘lajak huquqshunoslar Milliy markazning yurtimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, himoya qilish, inson qadr-qimmatini yanada oshirish borasida olib borayotgan faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Talabalarga Milliy markazning tashkil etilishi, asosiy faoliyat yo‘nalishlari, milliy ma’ruzalarni tayyorlash mexanizmlari bilan bog‘liq ma’lumotlar yetkazildi. Xorijiy ekspertlarning inson huquqlarini ta’minlashga doir tavsiyalari bilan ishlash, inson huquqlarini himoya qilish borasida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari xususida ham zarur axborot taqdim etildi.
Shuningdek, milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uyg‘unlashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritildi.
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha uzoq muddatli strategiya qabul qilingani ta’kidlandi. Ayni strategiya, birinchidan, ushbu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga; ikkinchidan, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘si yanada mustahkamlanishiga; uchinchidan, O‘zbekistonning iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reytingi hamda xalqaro indekslardagi mavqei yaxshilanishga xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida talabalarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.04.2024
- Ko'rishlar: 1723
- Chop etish