Haydovchilar va konduktorlarga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning muhimligi tushuntirildi

Jamoat transporti haydovchilari va konduktorlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va ehtiyojlaridan xabardor bo‘lishi va ularni qo‘llab-quvvatlashi muhimdir. Joriy yil 19-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorlari bilan birgalikda tashkil etgan axborot sessiyasi ana shu mavzuga bag‘ishlandi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi ishtirokida tashkil etildi. Unda Toshkent shahridagi avtobus parklari haydovchilari va konduktorlari, shuningdek, tashkilotchi idoralar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari – jami 50 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.

Axborot sessiyasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat transportidan foydalanishga oid huquqlari va ehtiyojlarini ta’minlash borasida haydovchilar hamda konduktorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish masalasiga e’tibor qaratildi. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishi va ijtimoiy xizmatlardan to‘liq foydalanishini qo‘llab-quvvvatlash, o‘z navbatida, ularning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun amaliy ko‘mak bo‘lishi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochib berar ekan, tadbir mavzusining mohiyati va ahamiyatiga atroflicha to‘xtaldi.

Sessiyada, shuningdek, Transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari Najmiddin Davlatov, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi maslahatchisi Pavlo Byalik so‘zga chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi 2021-yilda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasnii ratifikatsiya qilgan. Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish, shu jumladan, “to‘siqsiz muhit” tamoyilini joriy qilish orqali bu sohada amal qilayotgan tizimni takomillashtirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Muhokamalar chog‘ida asosiy e’tibor transport vositalari va infratuzilmaning jismoniy jihatdan qulayligini yaxshilash, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat transportidan foydalanishini osonlashtirish uchun panduslar, liftlar va boshqa moslashtirilgan texnologiyalar bilan ta’minlash masalalariga qaratildi. Nogironlar aravachasidagi insonlarga jamoat transportiga to‘siqsiz, mustaqil kirib-chiqish uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratishning zamonaviy innovatsion tizimlari ko‘rib chiqildi.

Ekspertlar bu borada qulaylik yaratishga oid joriy xalqaro andozalar va ularni milliy sharoitlarga moslashtirish yo‘llari haqida fikr yuritishdi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamoat transporti infratuzilmasi imkoniyatlaridan foydalanishiga oid turli mamlakatlarning ibratli amaliyoti va bir qator ilg‘or tajribalar taqdim etildi.

Muloqot asnosida, shuningdek, transport tarmoqlari va transport vositalarini loyihalash bosqichidan boshlab to‘siqsiz maydonni yaratish lozimligi qayd etildi. Mutaxassislarning fikricha, bundan buyon barcha yangi loyihalarni pandus, keng eshik va maxsus lift kabi qulay yechimlarni ko‘zda tutgan holda tayyorlash juda muhim.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat joylarida mustaqil harakatlanishini osonlashtiradigan zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash zarurligi ta’kidlandi. Bu o‘rinda, jumladan, bugungi jamoat transportida mavjud ovozli ogohlantirish va taktil axborotga ega elektron axborot tizimlaridan foydalanish haqida so‘z bormoqda.

Tabiiyki, bu sohadagi ishlarni yaxshilashda qonunchilik hujjatlarining o‘rni va ahamiyati katta. Shuning uchun tegishli davlat organlari sohaga oid norma va standartlarni ishlab chiqish hamda ularga amalga qilish jarayonlarini qat’iy nazoratga olgani ma’qul.

Ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan shaxslarga hurmat bilan muomalada bo‘ladigan, ularning ehtiyojlarini hisobga olgan holda yordam beradigan va malakali xizmat ko‘rsatadigan xodimlarni o‘qitishga qaratilgan tashabbuslarni har doim qo‘llab-quvvatlash zarurligini bildirdilar. Bunday o‘quvlar sirasiga, jumladan, transport vositalariga chiqish-tushish paytida, shuningdek, maxsus ko‘mak talab qilinadigan holatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni kamsitmaslik va ularga astoydil yordam berishni o‘rgatish bo‘yicha muntazam treninglar ham kiritilishi maqsadga muvofiqdir.

Muhokamalar yakunida ushbu maqsadlarga erishish uchun barcha manfaatdor tomonlar – davlat idoralari, xususiy sektor va nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi zarur, degan yakdil xulosaga kelindi. To‘siqsiz muhit yaratishda xalqaro va tarmoqlararo hamkorlikning o‘rni beqiyosdir.

Tadbir davomida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan berilgan tavsiyalarni amalga oshirishga mas’uliyat bilan yondashish, shubhasiz, yanada inklyuziv va qulay jamiyat sari muvaffaqiyat bilan odimlashimizning kaliti bo‘ladi. Shu ma’noda, seminar ishtirokchilari o‘z kasbiy mas’uliyati va vakolatlari doirasida o‘zlashtirgan bilimlarini amaliyotga samarali tatbiq etishga hamda bunday foydali va ochiq muloqotlarda kelgusida ham faol ishtirok etishga shayligini bildirganlari diqqatga loyiq.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

 “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

UzDaily.uz

Powered by GSpeech