Bugun Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada Kitobsevar millat shiori ostidagi IV Respublika «Kitobxonlik haftaligi»ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda AOKA, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Axborot-kutubxona markazlari mutasaddilari, kitobxonlar, keng jamoatchilik vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirga so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda kitob mutolaasini keng joriy etish, aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish davlat siyosati darajasida targ‘ib qilinayotgani, mahalliy, shuningdek, xorijiy adabiyotlarni sifatli tarjima qilish, umuman, tarjima maktabini yuksaltirishga katta e’tibor qaratilayotganini alohida e’tirof etishdi.
Shu jumladan, AOKA direktori o‘rinbosari G‘.Bozorov Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida adabiyot va kitobxonlikni targ‘ib qilish hamda ommalashtirish bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralarga berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan joriy yilda 50 ga yaqin bolalar va o‘smirlar ijodkorlarining yangi nomdagi kitoblarini ijtimoiy buyurtma sifatida chop etish, shuningdek, 2025-2030-yillarda har yili eng kamida 50 nafarga yaqin ijodkorga ijtimoiy buyurtma berish tizimini joriy etish rejalashtirilganini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan loyiha doirasida so‘nggi 5-yil davomida yaratilgan va shu kunga qadar nashr etilmagan, yoshlarga mo‘ljallangan o‘zbek adabiyotining 15 nomdagi eng yaxshi namunalari tanlab olinib, nashrga tayyorlanmoqda. Mazkur kitoblarning barchasi joylardagi axborot-kutubxona muassasalariga bepul yetkazib beriladi, dedi G‘. Bozorov so‘zi davomida.
Eslatib o‘tamiz, haftalik Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida parallel ravishda bo‘lib o‘tmoqda.
Haftalik doirasida –
so‘nggi yillarda nashr etilgan yangi kitoblarning taqdimotlari, taniqli, yosh va iste’dodli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar;
Toshkent viloyatidagi “Parkent” ijod uyida bolalar va o‘smirlar adabiyotini rivojlantirishga qaratilgan noshirlar va mualliflar ishtirokida seminar va boshqa tadbirlar;
poytaxtimizdagi “Dream park” istirohat bog‘ida kitob savdo yarmarkasi tashkil etish rejalashtirilgan.
Tadbirlar dasturi bilan quyidagi havolada tanishing.
Yangi adabiyotlar va ijodga befarq bo‘lmagan barcha kitobsevarlarni haftalikka faol ishtirok etishga taklif qilamiz!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rasmiy kanali
- Qo'shildi: 22.04.2024
- Ko'rishlar: 1702
- Chop etish