KITOB — HAYOT YO‘LLARIDA TAYANCH

23-aprel — Butunjahon kitob va

mualliflik huquqi kuni

 

Mamlakatimizda so‘nggi besh yilda noshirlik faoliyatini yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining soni sezilarli darajada oshdi. Masalan, 2019-yilda yurtimizda 161 ta nashriyot faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2024-yil 1-yanvar holatiga davlat ro‘yxatiga olingan nashriyotlar soni 532 tani tashkil etmoqda.

Nashriyotlarning 11 foizi davlat ulushiga ega bo‘lsa, qolgan 89 foizi xususiy sektorga tegishlidir. Ushbu nashriyotlar tomonidan 2019-2023-yillarda har yili o‘rtacha 7,5 ming nomdagi jami 231,1 million nusxada adabiyotlar chop etildi. Shu davrda nashr etilgan darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari bundan mustasno.

Bu zalvorli dalil va raqamlar Yangi O‘zbekistonda tom ma’noda kitobxonlik davriga qadam qo‘yilganidan dalolat beradi. Zero, ulug‘ alloma ajdodimiz Shayx Najmiddin Kubro hazratlari so‘zlari bilan aytganda, “Kitob — sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘izlik damlarida yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qayg‘uli damlarda madadkor, odamlar orasida zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir”.

 U zot zamonasidan so‘ng oradan qariyb to‘qqiz asr o‘tgach, ya’ni 1995-yil 15-noyabrda Parijda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasi qaroriga muvofiq, 23-aprel — Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni deb e’lon qilingan. Shuningdek, YUNESKOning “Bolalar va o‘smirlar adabiyotida bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etganlik uchun” nomli mukofoti ta’sis etilgan.

Bu qarorning zamirida, bir tomondan, barcha zamindoshlarimizni kitob mutolaasidan zavqu shavq olishga, ikkinchi tomondan, o‘z asarlari bilan insoniyatning ijtimoiy va madaniy taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shgan shoirlar va yozuvchilar, dramaturglar va ssenariynavislar, olimlar va mutafakkirlar – jami mualliflarga ehtirom ko‘rsatishga jahoniy da’vat o‘z mujassamini topgan.

Shu tariqa 23-aprel — barcha mualliflar, noshirlar, ustozlar, kutubxonachilar va kitob olamiga aloqador kasblar egalarining umuminsoniy bayram kuniga aylandi. Xuddi shu sanada dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kitob yarmarka va ko‘rgazmalarini tashkil etish an’ana tusini oldi.

Bu haqda so‘z borganda, YUNESKO tomonidan 1952-yili Jenevada tashkil etilgan konferensiyada butunjahon mualliflik huquqi belgisi (©) amaliyotga tatbiq etilgani ulkan yutuqlardan biri bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim. Ayni shu anjumanda Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi butunjahon konvensiyasi ham qabul qilingan.

Hozirgi vaqtda Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni jahonning 100 dan ortiq mamlakatida millionlab insonlar tomonidan nishonlanadi. Sana munosabati bilan turli uyushmalar va kasbiy tashkilotlar, maktablar va oliy o‘quv yurtlari, davlat muassasalari va xususiy korxonalarda ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

O‘tgan davrda shu bayram tufayli Yer yuzining turli qit’alarida yashaydigan va turli madaniyatlarga mansub bo‘lgan qanchadan-qancha insonlar o‘rtasida do‘stlik va birdamlik tuyg‘ulari qaror topdi hamda mustahkamlandi. Mualliflik huquqlarini muhofaza etish holati tubdan yaxshilandi.

Bashar ahli kitobning ahamiyati nihoyatda serqirraligini tobora teran anglamoqda. Ya’ni, kitob:

  • bilimlar koni;
  • qadriyatlar timsoli;
  • ma’naviy meros qo‘rg‘oni;
  • sivilizatsiyalararo muloqot vositasi;
  • rang-barang madaniyatlar ko‘zgusi;
  • moddiy farovonlik manbai;
  • mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan noyob ijod mahsulidir.

Ushbu xalqaro sana 1996-yildan buyon O‘zbekistonda ham keng nishonlab kelinmoqda. Jumladan, 2024-yil 22-26-aprel kunlari Toshkent shahrida IV  Respublika «Kitobxonlik haftaligi» o‘tkazilishi bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Ayni an’anaviy tadbir Axborot va ommaviy kommunikatsiyalari agentligi tashabbusi bilan «Kitobsevar millat» shiori ostida tashkil etilmoqda. Haftalik dasturidan mamlakat miqyosidagi nashriyotlar tomonidan chop etilgan yangi mahalliy va xorijiy kitoblar taqdimoti, kitobsevarlar uchun turli mahorat darslari, mutolaa tadbirlari, yozuvchi va adiblar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari va  boshqa qator ma’naviy-ma’rifiy, madaniy anjumanlar o‘rin olgan.

Kitob va kitobxonlik, ijod va ijodkorlik, madaniyat, ma’naviyat va ma’rifatni targ‘ib etishga qaratilgan ushbu muhim xalqaro sana mamlakatimizda har yili alohida tadorik va tantanalar bilan kutib olinishi bejiz emas. Chunki:

kitob – bizga hayotni o‘rgatadi;

kitob – har birimizni dunyo sir-sinoatlari va ma’rifatidan bahramand etadi;

kitob – bilim o‘rgatishning eng qudratli omili va bilimni asrashning ishonchli vositasi bo‘lib xizmat qiladi;

kitob – insonni ma’rifatga oshno etadi;

kitob – dunyodagi turfa madaniyatlar va an’analarning ma’no-mohiyatini anglashga ko‘maklashadi;

kitob – yashash hamda ijod qilishga doimo ilhomlantirib turadi.

Keyingi davrda mamlakatimizda yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga, ularning kitob bilan do‘st bo‘lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga katta e’tibor berilayotgani davlatimiz rahbari tomonidan beshta muhim tashabbus ilgari surilgani misolida yana bir bor yaqqol tasdig‘ini topdi.

Shu tashabbuslarning to‘rtinchisi aynan kitob va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan. Ushbu tashabbus doirasida yurtimizda kitobxonlik klubi tashkil etildi, umumta’lim maktablariga yuz minglab nusxada kitoblar sovg‘a qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari kitobsiz, ya’ni ilmsiz farovon kelajakka erishib bo‘lmasligiga o‘z vaqtida e’tibor qaratdi. Shu asosda bir qator qarorlar qabul qilindi va izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.

Yanada muhimi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan biri ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zda tutadi. Taraqqiyot strategiyasining 72-maqsadida:

birinchidan, aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada rivojlantirish;

ikkinchidan, kitobxonlikni keng ommalashtirish;

uchinchidan, “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish vazifalari belgilab berilgan.

O‘z navbatida, «O‘zbekiston–2030» strategiyasining 39-maqsadi sifatida o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, jamiyatda kitobxonlikni hamda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni rivojlantirish vazifasi belgilab berildi. Bunda, ayniqsa, «Kitobsevar millat» umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish masalasi ustuvor ekani ahamiyatlidir.

Bunga birgina misol: mazkur Strategiya ijrosi doirasida yurtimiz kutubxonalarini 1 millionta zamonaviy adabiyotlar bilan to‘ldirish va kutubxona fondini to‘liq raqamlashtirish ishlari boshlab yuborildi.

Vazirlar Mahkamasining «2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorida ham sohaga oid bir qator yo‘nalishlar ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Aholi, avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, nashriyotlar va ijodkorlar faoliyatiga ko‘maklashish, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni qo‘llab-quvvatlash, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, olis hududlarda va yoshga doir kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish shular jumlasidandir.

Aslida ham, kitob va kitobxonlik har bir davrning eng dolzarb mavzularidan biri bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda uning dolzarblik ko‘lami yanada ortdi. Chunki kitob o‘qishda hikmat ko‘p. Keng dunyoqarash va bilimga ega bo‘lishda kitobning ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.

Kitob insonni intizomli qiladi. Nafsni yengishga va kattani hurmat, kichikni izzat qilishga o‘rgatadi. Kitob o‘qigan kishi qonunlarga itoat qilish kerakligini anglaydi.

Bugungi taraqqiy etayotgan texnika davrida ko‘pchilik mutolaaga vaqt ajrata olmasligi mumkin. Ammo har qanday vaqtda ham kitob o‘qishga vaqt topgan inson yutadi. Bir narsani unutmasligimiz kerak, yaqinlarni kitob o‘qishga da’vat qilish ularga yaxshilik tilash hisoblanadi.

 

G‘ulom Mirzo

«Qorovulbozor tongi» gazetasining 2024-yil 13-aprel kungi 15 (1597)-soni

Powered by GSpeech