24-aprel kuni Ar-Riyod shahrida “Odam savdosi jinoyatlariga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida xalqaro seminar boshlandi. Mazkur tadbir Saudiya Arabistoni Podshohligining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi va Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Xalqaro forumning tantanali ochilish marosimida Saudiya Arabistoni Podshohligining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Xala bint Mazyed at-Tuvayjiri xonim, Saudiya Arabistoni Mehnat va ijtimoiy rivojlanish va inson resurslari vaziri doktor Abdulloh bin Nasser Abu Tanin, Saudiya Arabistoni Jamoat xavfsizligi boshlig‘i general-leytenant Mohammed Abdulloh Al-Bassami va BMTning Saudiya Arabistonidagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Muhammad Al-Zurqaniy so‘zga chiqdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsadlar:
birinchidan, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va xalqaro asoslarni ko‘rib chiqish;
ikkinchidan, ushbu jinoyatga qarshi kurashda ilg‘or xalqaro tajribalardan samarali foydalanish;
uchinchidan, sohadagi global muammolarni hal qilishning maqbul yechimlarini topish;
to‘rtinchidan, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlik borasidagi ibratli tajribalarni ommalashtirishdan iborat.
Seminar doirasida odam savdosiga qarshi kurashishda inson huquqlari, shu jumladan ayollar va bolalar huquqlarini ta’minlash hamda odam savdosi jabrdiydalarining reabilitatsiya va reintegratsiya qilinishi jarayonlarini jadallashtirish masalalari yuzasidan ekspertlar ishtirokida muhokamalar o‘tkazish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish ham nazarda tutilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.04.2024
- Ko'rishlar: 1642
- Chop etish