24-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida AQSHning Nyu-York shahrida joylashgan Sirakuz universitetining taniqli huquqshunos olimi Maykl Shvars bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash borasida va himoya hamda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
So‘nggi ikki-uch yil davomida mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi Oliy Majlis tomonidan ratifikatsiya qilindi.
Shuningdek, 2022-yilda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha 2023 – 2025-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi va izchil amalga oshirilmoqda. Qolaversa, 2023-yil 28-iyulda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining dastlabki milliy ma’ruzasi BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga topshirildi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, inson huquqlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar, shuningdek, AQSHning nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlariga oid an’analari va tajribalari kabi muhim mavzular atroflicha muhokama qilindi.
Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston tomonidan ijtimoiy sohada olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Mazkur sohadagi islohotlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.
Har ikki mamlakat vakillari uchrashuv doirasida muhokama etilgan barcha mavzularni teran tahlil etib, ochiq fikr almashdilar. Samimiy va qizg‘in muloqot ishtirokchilar o‘rtasida ilg‘or tajribalarni almashish, yangi g‘oya va yondashuvlarni o‘rganish uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston va AQSH vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ushbu uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy va huquqiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi. Muhokamalar asnosida tahlil etilgan sohalardagi muammolarni hal qilishda ikki mamlakat tajribasidan foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Kelgusida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga kelishib olindi. Uchrashuv samimiy va ishchan ruhda o‘tdi.
Ma’lumot uchun: AQSHning Sirakuz universiteti 1870-yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘n uchta maktab va kollejdan iborat. U Nyu-York shtatining markazida joylashgan xususiy tadqiqot universiteti hisoblanadi.
Professor M.Shvars – xalqaro huquq sohasida taniqli olim. Ayni vaqta nogironlarga huquqiy yordam berish bo‘yicha yuridik klinika rahbari lavozimida ham faoliyat yuritadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.04.2024
- Ko'rishlar: 1529
- Chop etish