2024-yil 26-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida shveysariyalik diplomat va davlat arbobi, Jeneva Diplomatik doirasi raisi Robert Blyumning fransuz tilidagi “O‘zbekiston – Markaziy Osiyo marvaridi” (“L’Ouzbékistan «Perle de l’Asie centrale»”) nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbiri “Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tkazilayotgan IV Respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etildi.
Unda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, yuridik fanlar doktori, dotsent Luqmonjon Isoqov, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Haydarali Yunusov, shuningdek, Toshkentdagi fransuz alyansi vakillari, tilshunos olimlar, pedagoglar, talabalar, jurnalistlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
– Robert Blyumning “O‘zbekiston – Markaziy Osiyo marvaridi” nomli kitobi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan yetti ustuvor yo‘nalish, saylov, sud-huquq va qonunchilikdagi taraqqiyot, fuqarolarning shaxsiy hamda siyosiy huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash kabi dolzarb masalalarni qamrab olgan, – deya ta’kidladi akademik Akmal Saidov. – Muallif kitobni: “Yangi O‘zbekiston uzra quyosh porlamoqda. Quyosh nurlarini sochayotganligini ko‘rdim”, degan falsafiy jumlalar bilan yakunlaganida ham yurtimizda so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiliklarida amalga oshirilgan demokratik va insonparvar islohotlar e’tirof etilgan. Betakror fotosuratlar bilan bezatilgan ushbu kitob har bir xorijlik kitobxonni umri davomida hech bo‘lmasa bir bora mamlakatimizga – Markaziy Osiyo marvaridiga kelishga undashi shubhasiz.
Tadbirda ta’kidlanganidek, kitob muallifi Robert Blyum taniqli siyosiy arbob bo‘lib, madaniy-gumanitar va savdo munosabatlarining taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi uchun AQSH, Italiya, Tunis, BAA, Fransiya kabi mamlakatlarning davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
Fransuz tilidagi “O‘zbekiston – Markaziy Osiyo marvaridi” kitobi Yevropadagi mashhur nashriyot – “Atar Roto Presse SA” da chop etilgan. Mazkur nashriyot uyiga 1896-yilda Jeneva shahrida asos solingan. U 1905-yilda “Atar” nomi bilan poligrafik brendga aylangan. Ko‘hna tarixga ega bo‘lgan mazkur nashriyot uyining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – bu atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan yondashish orqali ekologik qadriyatlarga sodiq qolish hisoblanadi. Nashr ishlarining barcha bosqichlarida qog‘ozlar formatini maqbullashtirish, chiqindilarni kamaytirish hamda ularga qayta ishlov berish, sertifikatlangan qog‘ozlardan foydalanish va boshqa shu kabi asosiy qoidalarga alohida e’tibor qaratiladi. “O‘zbekiston – Markaziy Osiyo marvaridi” kitobi ham aynan ushbu qoidalarga rioya etilgan tarzda eng ekologik toza materiallardan foydalangan holda ishlab chiqilgan.
– Bu kitob ishlab chiqarilishiga ko‘ra dunyodagi eng ekologik toza kitoblardan biridir, – dedi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev. – Muallif asarni mamlakatimizga bo‘lgan samimiy muhabbat bilan yozgan. Ushbu kitob Yangi O‘zbekiston muvaffaqiyatlarining xalqaro miqyosdagi e’tirofidir.
Kitob kirish, 7 bo‘lim, 26 bob va xulosa qismlaridan iborat bo‘lib, 275 sahifadan tashkil topgan. Uning deyarli barcha sahifasida milliy qadriyatlarimiz, madaniy merosimiz hamda mamlakatimizning zamonaviy qiyofasini mahorat bilan ifodalagan fotosuratlar taqdim etilgan. Kitobdagi rasmlar BMTning turli ixtisoslashgan muassasalarida uzoq yillardan beri samarali faoliyat yuritib kelayotgan taniqli fotograf Per-Mishel Viro tomonidan suratga olingan.
Kitob taqdimoti yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Ishtirokchilar ushbu kitobning elektron shaklini tayyorlab, mamlakatimizda ommalashtirishni taklif etdilar.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 26.04.2024
- Ko'rishlar: 1675
- Chop etish