"L’Ouzbékistan “Perle de l’Asie centrale" – O‘zbekistondagi islohotlar, ijobiy o‘zgarishlar fransuz adibi talqinida

27-28-aprel kunlari davom etgan IV Respublika «Kitobxonlik haftaligi» doirasida bugun Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada fransuz tilida tayyorlangan “O‘zbekiston – Markaziy Osiyo marvaridi” (L’Ouzbékistan «Perle de l’Asie centrale») nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Muallif – Shveysariyalik diplomat va davlat arbobi, AQSH, Italiya, Tunis, BAA, Fransiya kabi mamlakatlarning madaniy-gumanitar va savdo munosabatlarining taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi uchun davlat va faxriy mukofotlar sohibi, Jeneva diplomatik doira (Cercle Diplomatique Genève) raisi Rober Blyum.

Kitob Yevropadagi mashhur nashriyot “Atar Roto Presse SA”da chop etilgan.

Agentlik direktori A.Xodjayev ushbu asar yaratilishi haqida to‘xtalar ekan, xususan quyidagilarni ta’kidladi: – 2023-yil dekabr oyida Fransiyada “O‘zbekiston: Markaziy Osiyo marvaridi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tgan. Unda muallif “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatni yanada adolatli, mustaqil, dunyoviy va farovon bo‘lishiga xizmat qiladi. Ushbu kitob fransuz tilida so‘zlashuvchi jamiyatga O‘zbekiston, uning boy madaniyati va ulkan salohiyati haqida ko‘proq ma’lumot olish imkonini beradi”, degan edi.

Ma’lumot uchun, “Atar Roto Presse SA” nashriyot uyiga 1896-yilda Jeneva shahrida asos solingan. 1905-yilda “Atar” nomi bilan poligrafik brendga aylangan.

Nashriyot uyining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan yondashish orqali ekologik qadriyatlarga sodiq qolishdir.

“O‘zbekiston: Markaziy Osiyo marvaridi” nomli kitob ham aynan ushbu qoidalarga rioya qilingan holda eng ekologik toza material va jarayonlardan foydalangan holda nashr etilgan.

Kitob o‘ziga xos Yevropacha usulda sahifalangan bo‘lib, undagi tasvir va matnlar milliy koloritimizni yuqori saviyada ifodalay olgan. Unda O‘zbekiston xalqining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, madaniy va ma’rifiy sohalaridagi o‘zgarishlari bayon etilgan.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rasmiy kanali

Powered by GSpeech