Universal davriy sharh tavsiyalarini bajarish bo‘yicha monitoring mavzusida seminar

26-aprel kuni Toshkent shahrida «Universal davriy sharh tavsiyalarini amalga oshirishni monitoring qilish va inson huquqlari sohasidagi mezonlarni ishlab chiqish istiqbollari» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi vakolatxonasi va “UPR INFO” xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminarda Oliy sud, Bosh prokuratura, Bola huquqlari bo‘yicha vakil instituti, oliy ta’lim muassasalari va  Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz xodimlari – jami 40 nafar vakil ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida dastavval Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova so‘zga chiqdi.

D.Muratova o‘z nutqida bugungi kunda davlatimiz inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarish borasida, xususan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilish, qiynoqlarga qarshi kurashish hamda inson huquqlarini himoya qilishning boshqa barcha yo‘nalishlarida keng qamrovli samarali choralarni ko‘rayotganini qayd etdi. Ushbu islohotlar samaralari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Universal davriy sharh bo‘yicha Ishchi guruhining 44-sessiyasida O‘zbekistonning 4-milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqilishi asnosida xorijiy ekspertlar tomonidan yuqori baholangani ta’kidlandi.

Seminarda Universal davriy sharh majburiyatlari hukumatlar tomonidan ixtiyoriy ravishda qabul qilinishi va ular milliy darajada amalga oshirilishi orqali hurmat qilinishi kerakligiga e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Universal davriy sharh tavsiyalarini ko‘rib chiqish masalasiga muntazam ijobiy yondashib kelayotgani e’tirof etildi.

Universal davriy sharh amaliy jarayon bo‘lib, uning yordamida har bir davlat inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari  natijalarini e’lon qilishi mumkin. Universal davriy sharh orqali inson huquqlari sohasidagi ilg‘or tajribalar namunalari butun dunyo bo‘ylab targ‘ib etiladi. Hozirgi vaqtda boshqa shunga o‘xshash samarali universal mexanizmlar mavjud emas.

O‘z navbatida, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limining Inson huquqlari bo‘yicha milliy dasturlar muvofiqlashtiruvchisi Ildar Fayzullin O‘zbekistonga Universal davriy sharh 4-sikli doirasida berilgan tavsiyalarning barchasi muhim ekanligiga urg‘u berdi.

Uning qayd etishicha, mazkur tavsiyalar inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish va milliy qonunchilikni qabul qilishdan tortib, sud-huquq tizimini isloh qilish, korrupsiyaga qarshi choralar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlari va ehtiyojlarini qondirish amaliyotini o‘zgartirishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli masalalarni qamrab olgan.

Tadbirning yalpi majlisidan so‘ng qizg‘in munozaralar  4 ta sho‘ba  doirasida o‘tkazildi. Muhokamalar jarayoniga “UPR INFO” xalqaro nodavlat tashkiloti Dasturlar bosh muvofiqlashtiruvchisi Nargiz Arupova ham moderatorlik qildi.

Sessiya doirasida Universal davriy sharh tavsiyalarini amalga oshirish uchun mavjud turli vositalar va ilg‘or tajribalar, ko‘rsatkichlarning o‘rni va ahamiyati ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini nazorat qilish uchun tegishli indikatorlardan foydalanish mexanizmlari, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tavsiyalarning bajarilishini monitoring qilishga oid ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikrlashildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech