Akademik litsey talabalari uchun inson huquqlari bo‘yicha mahorat darsi

1-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan 2-son Toshkent akademik litseyida 2-kurs talabalari uchun inson huquqlariga oid qonunchilik va inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etildi.

Milliy markazning Inson huquqlari sohasida ta’lim va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i F.Hayitboyev mahorat darsi jarayonida so‘ngi yillarda mamlakatimizda inson huquqlariga qaratilayotgan e’tibor haqida to‘xtaldi. Talabalarga yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan moddalar 3 baravar ko‘paygani, BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya deklaratsiyasi hamda Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi izchillik bilan amalga oshirilayotgani yuzasidan batafsil berdi.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning  2023-yil 7-fevraldagi qaroriga asosan tasdiqlangan ikkita muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va ushbu Dasturni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga oid zarur axborot taqdim etildi.

Mahorat darsi davomida milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uyg‘unlashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ham atroflicha so‘z yuritildi.

Bunday muhim va dolzarb ma’lumotlar, shubhasiz, talabalarning huquqiy savodxonligini yanada oshirish hamda yoshlarimiz ongu shuurida inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishdek xayrli maqsadlarga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida Inson  huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan akademik litsey kutubxonasiga huquqiy va badiiy adabiyotlar beg‘araz taqdim etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech