O‘zbekiston — Singapur: parlamentlararo hamkorlik aloqalari yanada rivojlanadi

2024-yil 2-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Singapur Parlamenti Spikeri Sia Kian Peng boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli davlatlararo munosabatlarda yangi davr boshlangani, O‘zbekiston va Singapur xalqlari do‘stligi mustahkamlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvda delegatsiya a’zolariga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar hamda Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Konstruktiv va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Singapur o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish va uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish, madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha muloqotlarni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

O‘z navbatida, Singapur Parlamenti Spikeri so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan barcha sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni alohida e’tirof etib, Toshkent investitsiya forumi misolida buning guvohi bo‘lganini qayd etdi. Mazkur forum ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, eng dolzarb masalalarni muhokama qilish hamda muhim ilg‘or g‘oyalarni ishlab chiqish uchun samarali muloqot maydoniga aylanganini yuqori baholadi.

Muloqot chog‘ida shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya, turizm va boshqa sohalardagi aloqalar ko‘lamini yanada kengaytirish masalalari xususida ham so‘z yuritilib, oliy darajadagi kelishuvlar ustidan birgalikda samarali parlament nazoratini o‘rnatishga kelishib olindi.

Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda o‘tdi.

Powered by GSpeech