Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat zimmasiga yoshlarga g‘amxo‘rlik masalasida g‘oyat muhim majburiyatlar yuklangan. Binobarin, navqiron avlod vakillari tomonidan Asosiy qonunimiz «Yoshlar Konstitutsiyasi» deya e’tirof etilayotgani bejiz emas.
3-may kuni Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 28-maktabda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va yoshlar” mavzusidagi jonli muloqotda shu haqda so‘z bordi. Unda maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari, shuningdek, Udamali qishlog‘i faollari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi asosida ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda «O‘zbekiston–2030» strategiyasida ko‘zda tutilgan “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan turkum huquqiy-ma’rifiy tadbirlar doirasida tashkil etildi.
Uchrashuvda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Milliy markaz matbuot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Tadbirda, avvalo, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingan joriy yilda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning referendum orqali qabul qilinganiga bir yil to‘lganligi alohida ta’kidlandi.
Mamlakatimiz boshqa sohalar qatori nufus jihatidan ham katta davlatga aylanmoqda va jamiyatning yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qilmoqda. Yoshlarimizga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim.
Shu ma’noda, ayni masalaning yechimi sifatida qabul qilingan mustahkam huquqiy poydevor – yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida davlat tomonidan yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtiroki rag‘batlantirilishi kafolatlab qo‘yildi. Konstitutsiyamizning 79-moddasi birinchi bandida qayd etilganidek, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi.
Qiziqarli muloqot asnosida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz nafaqat O‘zbekiston yoshlari manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun nihoyatda ahamiyatli ekani e’tirof etildi. Ishtirokchilar fikricha, ayniqsa, Bosh qomusimizda ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifasi etib belgilangani juda muhim.
Huquqiy-ma’rifiy tadbir yakunida Vatanimiz va xalqimizga yuksak hurmat-ehtirom, Istiqlol va Konstitutsiya g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ulari tarannum etilgan she’rlar yangradi. Mushoira maktab o‘quvchilari ishtirokidagi badiiy-havaskorlik chiqishlariga ulanib ketdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.05.2024
- Ko'rishlar: 1515
- Chop etish