3-may kuni Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 28-maktabda shoir, tarjimon, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzo bilan shu mavzuda ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari, shuningdek, Udamali qishlog‘i faollari ishtirok etdi.
Ushbu adabiy anjuman Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Kitobsevar millat” shiori ostidagi turkum huquqiy-ma’rifiy tadbirlar doirasida tashkil etildi.
Tadbir boshida bugungi texnika-texnologiyalar asrida yoshlarimiz ongiga adabiyotga mehr, kitobxonlik, badiiy saviya tushunchalarini singdirish, ularning adabiy tafakkurini kengaytirish ijod ahliga katta mas’uliyat yuklashiga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda yurtimiz bo‘ylab talaba va o‘quvchi yoshlarni kitob mutolaasiga jalb etish, badiiy savodxonlik darajasini oshirish orqali ularni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, G‘ulom Mirzo she’riyat, nasr, publitsistika, tarjima sohalarining o‘zi anglagan sir-asrori haqida so‘zladi. Qizg‘in va samimiy suhbat mushoiraga ulanib, shoir o‘zining yangi she’rlaridan o‘qib berdi.
Tadbir mehmonlari ham yosh iste’dodlarning ijodidan bahramand bo‘ldi. Faol yoshlarga kitoblar sovg‘a qilindi.
O‘quvchilarning ijod namunalarini tinglash asnosida havasmand yoshlarga barkamol badiiy asarlar yaratish yo‘lida adabiy yo‘riq va tavsiyalar berildi. Yoshlarning zamonaviy bilimlarni egallashi va dunyoqarashini kengaytirishda mutolaaning ahamiyati yuqori ekanligi uqtirildi.
O‘quvchi-yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘zga chiqqan 28-maktab direktori Shukurullo Shoyzoqov, “Udamali” qishloq fuqarolar yig‘ini faollari, faxriy pedagoglar Berdimurod ota Hayitqulov, Abdirahmon ota Musurmonov va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda kitobxonlikka berilayotgan e’tibor va rag‘batning ahamiyatini yuksak baholadilar. Kitob – insonning eng yaqin do‘sti, qalblarni yorituvchi nur, tafakkurni boyituvchi xazina, ma’naviy komillikka yetaklovchi hamroh ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida maktab kutubxonasiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi nomidan 50 ta kitob taqdim etildi. Ushbu kitoblar ichida akademik Akmal Saidovning huquqiy-tarixiy va adabiy-falsafiy mavzudagi yangi kitoblari hamda shoir G‘ulom Mirzoning yaqinda nashrdan chiqqan 6 jildlik asarlari to‘plami ham bor.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.05.2024
- Ko'rishlar: 1628
- Chop etish