Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘rtasida 2019-yil 16-may kuni o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan bo‘lib, hozirgi kunga qadar idoralararo hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Akademiyada ta’lim sifatini oshirish va talabalarning nazariyani amaliyot bilan bog‘liq holda olib borishlarini ta’minlash maqsadida Milliy markaz bilan hamkorlikda muntazam ravishda debat-klublar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
3-may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida debat-klubning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Huquqni muhofaza qilish akademiyasining bakalavriat bosqichi talabalari uchun mo‘ljallangan ushbu huquqiy-ma’rifiy munozaralar “Ayollar huquqlari” mavzusida tashkil etildi.
Tadbir avvalida keyingi yillarda yurtimizda xotin-qizlar va bolalarning ajralmas huquqlarini ta’minlash masalasiga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi. Xotin-qizlarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatini ta’minlash davlatimiz va jamiyatimizning doimiy diqqat markazida bo‘lib kelayotgani e’tirof etildi.
Yangi O‘zbekistonda 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi faol amalga oshirilmoqda. Bunda o‘tgan yili ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi muhim qonun qabul qilingani alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki shu asosda oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilib, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi.
Shu bilan birga muhokamalarda O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon dasturida faol ishtirok etayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi tasdiqlangan.
Mazkur milliy ta’lim dasturi tadbirlarini ijro etish doirasida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv va maxsus kurslari joriy qilinmoqda. Imkoniyati cheklangan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari bo‘yicha ham o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha qo‘llanmalar va risolalarni doimiy ravishda chop etish yo‘lga qo‘yildi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim elektron platformasi ishga tushirildi.
Bundan tashqari, tadbir davomida ayni yo‘nalishda qabul qilingan yangi rasmiy hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, 2023-yil 11-aprel kuni qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning ahamiyati keng muhokama qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.05.2024
- Ko'rishlar: 1473
- Chop etish