Salkam bir asrdan beri «Tong yulduzi» gazetasi yurtimiz bolajonlarining eng sevimli nashri bo‘lib kelmoqda. Gazeta ulashgan ziyodan bahramand bo‘lib, elimizning qanchadan qancha ziyolilari – olim-u ixtirochilar, shoir-u yozuvchilar yetishib chiqdi va bu jarayon hozir ham davom etmoq-da. Sevimli gazetamizning uzoq yillik ibratli faoliyati va muvaffaqiyatlarini aks ettirgan «Tong yulduzi» yoritgan olam» kitobini varaqlar ekanman, bunga yana bir bor amin bo‘ldim. Ushbu kitobni, tom ma’noda, gazetaning saylanmasi, deb atash mumkin.
Kitobda «Tong yulduzi» gazetasi-da hozirga qadar nashr etilgan eng sara she’rlar, hikoya-lar va publitsistik maqolalar, shuningdek, gazeta maktabidan yetishib chiqqan atoqli yozuvchi va shoir-larning o‘quvchilik davridagi unutilmas yodnomalari jamlan-gan. So‘zboshida gazeta Bosh muharriri Feruza Soyibjon qizi shunday yozadi: «Ko‘plab taniqli adiblar, jurnalistlar, ijodkorlar bilan suhbatlash-ganimizda, ularning aksariyati «Tong yulduzi» maktabini o‘taganini, ilk ijod namunalari aynan shu nashrda e’lon qilinganini faxrlanib so‘zlashadi. Bu e’tiroflardan rag‘batlanib «Tong yulduzi»ning olis o‘tmishiga, nurli, sharafli yo‘liga nazar soldik. Qog‘oz-ga to‘kilgan marvaridlarni birma-bir terishga harakat qildik».
Darhaqiqat, kitobni mutolaa qilar ekansiz, uning har sahifasida marvariddek sof va qadrli, samimiy va beg‘ubor fikrlardan maroqlanasiz. Xayolan bolalik paytingizga, maktab davrlariga qaytgandek bo‘lasiz.
Kitobning «Moziydan yangragan sado» nomli birinchi bo‘limi atoqli yozuvchi, akademik Oybekning 1958-yilda gazetada nashr etilgan maqolasidan olingan quyidagi fikrlar bilan boshlanadi: «Kichik vatandoshlarim! Mehnatda shunday qahramonlik ko‘rsatingki, yozuvchilarimiz bo‘lajak asarlarini nomlaringiz bilan bezatishsin».
Adibning o‘tkir murojaati bugun ham dolzarb va zamonamiz farzandlariga qaratilgandek taassurot qoldiradi. Zero, kishi bolaligidanoq yaxshilikka intilsa, yuksak maqsadlar sari dadil harakat qilsa, kelajakda, albatta, elning iftixori bo‘lgan inson bo‘lib yetishadi, Oybek ta’biri bilan aytgan-da, yozuvchilarning bo‘lajak asarlarini bezaydi.
Ikkinchi bo‘limdan turli yillarda gazeta Bosh muharriri bo‘lgan Suhrob Yo‘ldoshev, Akrom Berdimurodov, Feruza Jalilova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar Jabbor Razzoqov, Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari Umida Abduazimova, To‘lqin Hayit, shuningdek, uning hozirgi Bosh muharriri Feruza Soyibjon qizining «Tong yulduzi»da nashr etilgan maqolalari o‘rin olgan.
«Yoshlar ijod yo‘lini topdi» nomli uchinchi bo‘limda esa yosh ijodkorlar-ning gazetada e’lon qilingan eng sara maqola, she’r va hikoyalari kitobxonlar e’tiboriga havola qilingan. Ular orasida 2023-yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi tomonidan «Tong yulduzi» gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan «Inson huquqlari – bolalar nigohida» tanlovi g‘oliblarining ijod namunalari borligi alohida e’tirofga loyiq.
To‘rtinchi bo‘lim «Bizni qutlab, olqishladilar» deb nomlanadi. Unda keltirilgan tabrik va minnatdorlik xat-larini o‘qir ekanmiz, gazeta tahririyati, ayniqsa, so‘nggi yillarda katta muvaffaqiyatlarga erishayotganiga ishonch hosil qilamiz. 2023-yil gazeta «Oltin qalam» XVII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning bosma nashrlar yo‘nalishi bo‘yicha «Eng yaxshi jurnalistik material uchun» nominatsiyasida 3-o‘rin bilan taqdirlanishi, yosh avlodning inson huquqlari bo‘yicha bilimlarini oshirish, ularda huquqiy madaniyatni shakllantirishga qo‘shgan hissasi uchun gazeta «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni bilan mukofotlanishi quvonarlidir.
Shuningdek, 2023-yilda «Tong yulduzi» gazetasi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bilan hamkor-likda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi munosabati bilan «Inson huquqlari – bolalar nigohida» tanlovini muvaffaqiyatli tashkil etdi. Ikki bosqichda o‘tkazilgan ushbu tanlovda mamlakatimizning barcha hududlaridan jami mingdan ortiq bolalar va o‘smirlar ijodiy ishlari bilan ishtirok etgani ham uning aholi orasida katta qiziqish uyg‘otganidan dalolat beradi.
Yurtimizdagi yetakchi bolalar va o‘smirlar gazetasining qo‘lga kirita-yotgan yutuqlari bardavom bo‘lishini, «Tong yulduzi» yoritgan olam» to‘plamining ham hajman, ham mazmunan zalvorli navbatdagi nashrlari chop etilishini tilayman.
«Tong yulduzi» hamisha hozirgidek yosh avlodni komillikka yetaklovchi tonggi yulduz bo‘lib qolaversin!
Akmal SAIDOV,
akademik
"Tong yulduzi" gazetasi 2024 - yil 6-may 19-soni
- Qo'shildi: 06.05.2024
- Ko'rishlar: 1435
- Chop etish