Bola huquqlari kafolati: xalqaro standartlar va milliy mexanizm

Bola huquqlarini himoya qilish masalasi xalqaro hamjamiyat uchun hamisha dolzarb va muhim bo‘lib kelgan. BMT Bosh assambleyasi bu borada 1959-yil 20-noyabrda Bola huquqlari deklaratsiyasini, 1989-yil aynan shu kunda esa Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qilgani ham buni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Dunyoning barcha mamlakatlarida bolalarga alohida e’tibor qaratish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu ma’noda, bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish –bolalar kelajagi uchun qo‘yilgan mustahkam poydevor hisoblanadi.

Aholisining 40 foizini bolalar tashkil etgan O‘zbekiston uchun bola huquqlarini har tomonlama ta’minlash, ayniqsa, ustuvor ahamiyatga ega. Mustaqillikka erishganidan so‘ng, 1992-yil 9-dekabrda mamlakatimiz inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalar ichida birinchi navbatda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgani bejiz emas.

Yurtimizda bolalar huquqlarini ta’minlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilingan. Mazkur normativ-huquqiy asos “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hayotga joriy qilishga qaratilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” degan tamoyilga amal qilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda “Hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakatimiz Asosiy qonuniga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilg‘or normalar kiritildi. Milliy qonunchilik bola huquqlariga doir xalqaro standartlarga to‘la-to‘kis muvofiqlashtirilmoqda.

Xususan, O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi. Bu borada davlatning majburiyatlari kengaytirildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida bola huquq va manfaatlarini yanada takomillashtirishga oid o‘ndan ortiq chora-tadbirni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Yosh avlodning barkamol va yetuk shaxslar bo‘lib shakllanishida ta’lim va tarbiyaning, oila hamda katta avlod vakillarning o‘rni muhim. Inson huquqlari, xususan, xotin-qizlar hamda bola huquqlari madaniyatini ta’lim va tarbiya jarayonida shakllantirish maqsadida O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon dasturida faol ishtirok etmoqda.

Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi. Dastur doirasida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv va maxsus kurslari joriy qilinmoqda. Imkoniyati cheklangan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston o‘zining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq qabul qilgan majburiyatlariga sodiqdir. Mazkur siyosatni takomillashtirishda BMT shartnomaviy organlari, YUNISEF va xalqaro ekspertlarning tavsiyalariga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalariga asosan, O‘zbekiston Respublikasi BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga mazkur Konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar ham taqdim etib bormoqda. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston tomonidan shu mazmundagi 5 ta davriy ma’ruza taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan 2024-yil 21-fevralda “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning Beshinchi davriy ma’ruzasi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amaliyotga tatbiq etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror qabul qilindi. Mazkur qo‘shma qaror ijroga qaratilib, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalari amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda.

Ma’lumki, 2024-yilda xalqaro hamjamiyat tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganligining 35-yilligi keng nishonlanadi. Shu maqsadda xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar o‘tkazish, inson huquqlari bo‘yicha axborot-ma’rifiy hamda ta’lim-tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish, aholi, yoshlar va bolalar uchun darslik, qo‘llanma va boshqa adabiyotlarni tayyorlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 35-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar dasturlarini qabul qildi va amalga oshirmoqda. Bundan maqsad mamlakatimizda davom ettirilayotgan bola huquqlari sohasidagi islohotlarning samaradorligini yanada oshirishdir.

Bundan tashqari, 2024-yil 29-fevralda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonunga ko‘ra, Bola huquqlari bo‘yicha vakil mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.

Bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yilda mamlakatimizda 500 nafarga yaqin shaxs voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun jazoga tortilgan.

Bu kabi muammolarni bartaraf etish, shuningdek, qonunchilikni yanada mustahkamlash maqsadida 2023-yil 11-aprel kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Mazkur qonunga asosan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilandi. Ya’ni, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bola huquqlarini ta’minlashda xalqaro standartlar va milliy mexanizmlarning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi kabi xalqaro standartlar mamlakatlarga ular o‘zlarining milliy qonunlari va siyosatlarida qo‘llashi kerak bo‘lgan umumiy tamoyillar va normalarni taqdim etadi.

Xulosa qilib aytganda, bolalar huquqlarini kafolatlash va ularni xalqaro standartlar va milliy mexanizmlar orqali amalga oshirish har bir bolaning adolatli va manfaatli rivojlanishini ta’minlashning ajralmas qismi hisoblanadi. Shuning uchun bola huquqlari tom ma’noda himoya etiladigan va hurmat qilinadigan maqbul muhitni yaratish uchun faqat davlat tashkilotlarining bu boradagi faoliyati bilan cheklanib qolmasdan, jamiyatimizning ham barcha qatlamlarida doimiy sa’y-harakatlarni birlashtirish va o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish taqozo etiladi.

 

Husniddin XOLMAMATOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi

bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech