Maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlash – umummilliy harakat

“Bugungi kunda mamlakatimizda maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish umummilliy harakatga aylanib bormoqda”. Ushbu fikrlar Prezident Shavkat Mirziyoyevga taalluqli. Davlatimiz rahbarining e’tiroficha, ta’lim va ma’rifatni rag‘batlantirish ishiga hissa qo‘shayotgan insonlar siymosida biz jadid bobolarimizning munosib davomchilarini, ularning ushalayotgan orzu va intilishlarini, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini ko‘ramiz.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari Akmal Saidov va Qalandar Abdurahmonovning 6-may kuni Qashqadaryo viloyatidagi bir qator ta’lim maskanlarida o‘tkazgan davra suhbatlari va uchrashuvlarining mazmun-mohiyati ayni shu fikrlar bilan hamohanglik kasb etdi. Ushbu tadbirlar Qarshi shahri va  Chiroqchi tumanida tashkil etilgan Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar o‘qituvchi va o‘quvchilari bilan yaqindan tanishish hamda yoshlar bilan ma’rifiy muloqot o‘tkazish maqsadida tashkil etildi.

Dastavval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov bilan G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori Q.Abdurahmonov Chiroqchi tumaniga tashrif buyurishdi.

Har ikki akademik Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov hamrohligida ushbu hududdagi Prezident ta’lim muassasalari agentligiga qarashli ixtisoslashgan maktabda bo‘ldilar. Bu yerda o‘tkazilgan uchrashuvda akademiklar o‘z hayot yo‘li va ilm-fan sohasidagi izlanishlari natijalari haqida so‘zlab, bugungi dorilomon kunlarda yoshlarga yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish xususida o‘quvchilarga tavsiyalar berishdi. 

Uchrashuv yakunida akademiklar maktab kutubxonasi uchun o‘zlari muallifligidagi ilmiy va badiiy kitoblarni hadya qilishdi. O‘z navbatida, tuman hokimi ham maktab kutubxonasi uchun turli tillardagi badiiy kitoblarni sovg‘a qildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech