Zo‘ravonlikdan aziyat chekkan shaxslarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar sifati takomillashtirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 10-may kuni «Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Ushbu muhim hujjat “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi ijrosini ta’minlash, zo‘ravonlikdan aziyat chekkan shaxslarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmat sifatini takomillashtirish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini ta’minlash maqsadlari ijobatiga qaratilgan.

Qarorga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga «oila – mahalla – tuman va hudud» tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, 2024-yil 1-iyundan boshlab:

  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida bo‘lgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatish tartibi joriy etiladi;
  • xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining «102» telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ro‘yxatga olinadi;
  • tazyiq va zo‘ravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:

– xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkaziladi;

– profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;

– tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga joylashtiriladi;

– rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir ma’lumotlar «Inson» markazlariga «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali yuboriladi.

Bundan tashqari, tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shu maqsadda mamlakatimizning barcha hududlaridagi shoshilinch qabul bo‘limlarida tunu kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalarini joriy yil davomida bosqichma-bosqich asosda tashkil etish belgilandi.

Qarorga asosan ikkita hujjat – Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilishga doir chora-tadbirlar dasturi hamda Zo‘ravonlikning oldini olish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini ta’minlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan media-reja tasdiqlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech