Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov hamda akademik Qalandar Abdurahmonovlar Samarqand viloyatida bo‘lib, bir qator ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, Samarqand davlat universitetida iqtidorli talabalar bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasiga qaratilayotgan alohida e’tibor, yoshlarga oid davlat siyosatining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan uchrashuv chog‘ida akademiklar o‘zlari bosib o‘tgan hayot yo‘llari, erishgan yutuqlari haqida, shuningdek, bugun yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar haqida batafsil ma’lumotlar berishdi.
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov universitet faoliyati, bu yerda talaba yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, qulayliklar bilan yaqindan tanishib, professor-o‘qituvchilar faoliyatiga yuqori baho berdi.
Uchrashuv yakunida akademiklar tomonidan faol o‘qituvchi va talabalarga kitoblar sovg‘a qilindi.
Mazkur uchrashuvlar davomida akademik A.Saidov hamda Q.Abdurahmonovlar Samarqand shahridagi Prezident maktabi va hududdagi ixtisoslashtirilgan maktablarda ham bo‘lib, o‘quvchi yoshlar bilan ochiq muloqotlar qilishdi.
- Qo'shildi: 13.05.2024
- Ko'rishlar: 1334
- Chop etish