14-may kuni poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligida nashr etiladigan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati ijodiy jamoasi (jurnal bosh muharriri – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Erkin Ernazarov) ushbu nufuzli tanlovning “Inson huquqlari va ijtimoiy hayotimiz bilan bog‘liq dolzarb mavzulardagi materiallar uchun” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Bu, shubhasiz, mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari ommaviy axborot vositalari faoliyatida ham o‘zining yorqin ifodasini topayotganining yorqin dalolatidir. So‘nggi yillarda axborot tarqatish jarayonida katta mas’uliyat bilan kasbiy burchni, jurnalistik kasbi etikasini teran anglagan holda yondashish tobora dolzarblik kasb etmoqda.
Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlangan “Oltin qalam” Milliy mukofoti O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tashabbusi bilan 2006-yilda ta’sis etilgan va har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yillar davomida tanlov takomillashib, uning qamrovi yanada kengaydi.
Prezidentimizning 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida 2023-yildan boshlab “Oltin qalam” tanlovi rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari 5 tadan 12 taga ko‘paytirildi.
Bosh milliy mukofot sohibiga yengil avtomobil berilishi belgilandi. Shuningdek, 1-o‘rin sohibi – O‘zbekistonda belgilangan bazaviy hisoblashning 200 baravari, 2-o‘rin sohibi – 175 baravari, 3-o‘rin sohibi – 150 baravari, 12 ta rag‘batlantiruvchi nominatsiyaning har bir g‘olibi esa100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Bu yilgi tanlovga televideniye yo‘nalishida mamlakatimizdagi davlat va nodavlat telekanallarida faoliyat olib borayotgan 98 nafar jurnalist o‘z materiallarini taqdim etgan bo‘lsa, radio yo‘nalishida 26 nafar, bosma OAV yo‘nalishida esa eng ko‘p — 178 nafar, internet nashrlari yo‘nalishi bo‘yicha 75 nafar, “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasida ham har yilgidan ko‘p — 40 dan ortiq davlatdan 100 nafarga yaqin jurnalist qatnashgan. Ya’ni, joriy yilda oldingi yillarga nisbatan jamoaviy ishtirok etuvchilar soni 3 barobar oshgan, ya’ni 40 taga yaqin tahririyat tanlovga ijodiy ishlarini taqdim etgan.
Tanlov ishtirokchilari ko‘pligini, taqdim etilgan ijodiy ishlarning rang-barangligini hisobga olgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi yana ikkita qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi nominatsiya joriy etdi va g‘oliblar taqdirlandi. G‘oliblarga “Oltin qalam” milliy mukofotining statuetkasi, diplomi, pul mukofotlar tantanali topshirildi.
Milliy markaz jamoasi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati ijodiy jamoasini ushbu e’tirof bilan samimiy qutlaydi. Kelgusidagi ijodiy faoliyatida ulkan zafarlar, yanada yuksak mukofotlarga erishishda muvaffaqiyat tilaydi!
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.05.2024
- Ko'rishlar: 1494
- Chop etish