O‘zbekiston BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirishda ulkan ijobiy tajribaga ega. Mamlakatimizda gender siyosatini amalga oshirish borasida ham muvaffaqiyatlarga erishilmoqda.
Bu Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Ayollar yetakchiligini rag‘batlantirish” mavzusida tashkil etilgan seminar-treningda qayd etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan EXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Oliy sud, Bosh prokuratura, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasi vakillari ishtirok etmoqda.
Milliy markaz direktori Akmal Saidov huquqni muhofaza qilish organlarida xotin-qizlarning o‘rni va rolini kuchaytirish davlatning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor hisoblanuvchi tenglik va adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etishning asosiy omillaridan ekanini ta’kidladi.
O‘zbekistonda turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida 2 ming nafarga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda. Bu raqam umumiy ko‘rsatkichning qariyb 37 foizini tashkil etadi.
Bunday yutuqlarga O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy mavqeini mustahkamlashga qaratilgan tizimli qonunchilik tashabbuslari tufayli erishilmoqda.
EXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisining xalqaro maslahatchisi Endryu Yukovskiy BMT Xavfsizlik kengashi 2000-yilda ayollar, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha o‘zining birinchi tarixiy rezolyutsiyasini qabul qilganini qayd etdi.
BMT Xavfsizlik kengashining mazkur hujjati o‘ziga xos amaliy vosita va andoza hisoblanadi. Chunki bu bilan tinchlik va xavfsizlikni saqlash hamda mustahkamlashda ayollarning to‘laqonli ishtiroki muhimligi jahon hamjamiyati darajasida ilk marta e’tirof etildi.
O‘z navbatida, xalqaro ekspert Yelena Moll “Ayollar yetakchiligini rag‘batlantirish” tashabbusining strategik ahamiyatiga e’tiborni qaratdi. Uning fikricha, mazkur trening nafaqat ishtirokchilar malakasini oshirishga xizmat qiladi, balki ko‘p tarmoqli bilim va tajriba almashish, shuningdek, turli sohalarning yetakchi ayollari o‘rtasida ilg‘or amaliyotlar shakllanishi uchun o‘ziga xos platforma vazifasini o‘taydi.
Tadbir doirasida ayollar yetakchiligini targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro va milliy ekspertlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda. Ular dunyoning turli mintaqalarida yetakchilik rollarini egallashda ayollar duch keladigan asosiy muammo va qiyinchiliklarni tahlil etgan holda, bu boradagi eng maqbul yechimlarni ilgari surmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 15.05.2024
- Ko'rishlar: 1485
- Chop etish